Bugungi kunda Oʻzbekistonda inflyuyenser-marketing, yaʼni ijtimoiy tarmoqlardagi blogerlar va kanallar orqali reklama berish bozori jadal rivojlanmoqda. Norasmiy hisob-kitoblarga koʻra, ushbu raqamli bozor hajmi 100 million dollardan oshib ketgani aytilmoqda, biroq sohaning nisbatan yoshligi sababli uning katta qismi hanuzgacha tartibsiz va qoʻlbola usullarda boshqarilmoqda.
Marketing sohasi mutaxassislari, SMM-menejerlar va biznes egalari uchun Telegram yoki Instagram orqali reklama joylashtirish jarayoni koʻpincha murakkab vazifalarga aylanmoqda. Odatda, reklama kampaniyasini ishga tushirish uchun oʻnlab, baʼzan yuzlab kanal maʼmurlari bilan alohida muloqot qilish, savdolashish va toʻlovlarni xususiy kartalarga oʻtkazish talab etiladi.
Loyiha hamasoschilaridan biri Abror Ismoilovning soʻzlariga koʻra, bozorning eng asosiy muammolaridan biri shaffoflikning yetishmasligidir. Unga koʻra, adolatli narx, ochiq statistika va mablagʻ xavfsizligi boʻyicha yetarli sharoitlar yaratilmagani biznes uchun qoʻshimcha xatarlarni keltirib chiqarmoqda.
Shuningdek, Excel jadvallari va shaxsiy yozishmalar ustiga qurilgan eskirgan boshqaruv modeli koʻpincha mablagʻlarning samarasiz sarflanishiga olib keladi. Rasmiy hujjatlar va yopuvchi hisobotlarning yoʻqligi esa yirik korporativ brendlar uchun davlat va ichki qoidalar doirasida faoliyat yuritishda jiddiy toʻsiq boʻlib qolmoqda.
Source: kun.uz