Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Joriy yilning 26-oktabridan boshlab respublika boʻylab pedagog kadrlarning navbatdagi kuzgi attestatsiya sinovlari rasman boshlanishi eʼlon qilindi. Mazkur jarayon 28-noyabrga qadar davom etishi rejalashtirilgan boʻlib, taʼlim tizimidagi kadrlar malakasini baholashga qaratilgan ushbu tadbir keng koʻlamda tashkil etilmoqda.

Maʼlum qilinishicha, kuzgi attestatsiyada qatnashish istagini bildirgan pedagoglardan jami 302 ming 422 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 5,5 foizi navbatdagi majburiy tartibdagi sinovlarga toʻgʻri kelsa, qolgan 94,5 foizi navbatdan tashqari tarzda oʻz malakasini sinovdan oʻtkazish uchun ariza topshirgan.

Kelib tushgan murojaatlar atroflicha oʻrganib chiqilgach, ularning 240 mingdan ortigʻi yoki 79,4 foizi qanoatlantirilib, qabul qilingan. Sinovlarda ishtirok etishi belgilangan pedagoglarga pedagog.uzedu.uz platformasidagi shaxsiy kabinetlari orqali imtihon sanasi va aniq manzili koʻrsatilgan maxsus xabarnomalar yuborilgan.

Tashkilotchilarning taʼkidlashicha, mazkur sinovlar jarayonida pedagoglarning mutaxassislik fani va kasb standarti boʻyicha bilim darajasi, shuningdek, ularning pedagogik mahorati chuqur baholanadi. Jarayonlarning adolatli va shaffof oʻtishini taʼminlash uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida maxsus jihozlangan 13 ta markaz faoliyati yoʻlga qoʻyilib, jami 2526 ta kompyuter tayyor holatga keltirilgan.

Source: kun.uz