O‘zbekistonda kommunal xizmatlarga tariflarni shakllantirish bo‘yicha nizomga rasmiy o‘zgartirishlar kiritildi. Ushbu yangilangan tahrir asosiy faoliyati kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘lmagan tashkilotlarning suv, oqova suv, issiq suv va isitish xizmatlari tariflarini belgilash tartibini to‘liq qamrab oladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining qo‘shma qarori 2026-yil 23-oktabrda Adliya vazirligida 2198-3-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Hujjat e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirishi belgilangan bo‘lib, 2026-yil 24-oktabrda Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida joylashtirildi.
Nizomning yangilangan muqaddimasiga ko‘ra, hujjat asosiy faoliyat turi kommunal xizmatlar ko‘rsatish bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi subyektlar taqdim etadigan ichimlik suvi ta’minoti, oqova suvlarni chiqarib yuborish, issiq suv ta’minoti hamda isitish xizmatlari bo‘yicha tariflar va xarajatlar tarkibini aniqlashni tartibga soladi. Shuningdek, nizomning 2-bandiga muvofiq, ushbu tashkilotlar ko‘rsatayotgan kommunal xizmatlari narxlarini raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik va nizom talablariga rioya etgan holda mustaqil belgilaydi.
Shu bilan birga, tariflarni davlat tomonidan tartibga solish Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-dekabrdagi 722-son qarori hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi belgilangan. Qaror bilan nizomning ayrim bandlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilib, issiqlik energiyasini ishlab chiqarish va uzatishda resurslar sarfi hamda texnologik yo‘qotishlarni hisoblashga oid havola yangilandi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, ushbu hujjatda kommunal xizmatlar uchun yangi narxlar yoki tariflarni oshirish miqdori belgilanmagan. Kiritilgan barcha o‘zgarishlar faqatgina tariflarni shakllantirish va hisob-kitob qilish tartibiga taalluqli bo‘lib, amaldagi narxlarga bevosita ta’sir ko‘rsatmaydi.
Source: kun.uz