Turkiyaning yirik sanoat-investitsiya tuzilmalaridan biri bo'lgan OYAK kompaniyasi Yangi Toshkent hududida zamonaviy turar joy majmualari va tashqi infratuzilma obyektlarini barpo etish jarayoniga qo'shilishga tayyorligini rasman ma'lum qildi. Bu haqda Turkiya davlatlari tashkiloti sammiti doirasida bo'lib o'tgan muzokaralar chog'ida aytib o'tildi.
Xabar qilinishicha, mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoyev 29-oktabr kuni OYAK kompaniyasining bosh ijrochi direktori Murat Yalçintaşni qabul qilgan. Tomonlar uchrashuv davomida O'zbekistonda qo'shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari, shuningdek, iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi hamkorlik masalalarini atroflicha muhokama qilishgan.
Muzokaralar chog'ida turkiyalik rahbar kimyo sanoati, geologiya razvedkasi va qurilish yo'nalishlarida o'zaro manfaatli sheriklikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirgan. Xusususn, Murat Yalçintaş Yangi Toshkent loyihasi doirasida turar joy va zaruriy tashqi infratuzilmani barpo etishda faol ishtirok etish niyatida ekanini alohida ta'kidlab o'tgan.
O'z navbatida, mamlakat rahbari so'nggi yillarda O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi strategik sheriklik hamda ko'p qirrali munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini qayd etgan. Shuningdek, davlat rahbari ikki mamlakat o'rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda ishbilarmon doiralar va yirik kompaniyalarning faoliyati muhim o'rin tutishini e'tirof etgan.
Source: kun.uz