️ O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi raisi Behzod Hamrayev Birlashgan Millatlar Tashkilotining 57-sessiyasi Statistika Komissiyasining rais o‘rinbosari etib saylandi. Sessiya Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tmogda va 6-mart kuni yakunlanadi.
️ Dunyo.info ma’lumotlariga ko‘ra, Hamrayev sessiyada O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari sifatida ishtirok etmoqda. Forum doirasida milliy statistika idoralari, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar hamjamiyati vakillari rasmiy statistikaning rivojlanishi va modernizatsiyasi masalalarini muhokama qilmoqda.
️ Kun tartibida 2030-yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish maqsadlarini kuzatish uchun ko‘rsatkichlar tizimini takomillashtirish, rasmiy statistika ishlab chiqarishda sun’iy intellekt va ilg‘or texnologiyalarni kengaytirish, taraqqiyot va farovonlikni yanada kompleks baholash uchun “YaIMdan tashqari” kontseptsiyasini rivojlantirish, shuningdek, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni milliy hisobot tizimlariga integratsiya qilish kabi mavzular muhokama qilinadi.
️ Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston tomonining ishtiroki mamlakatda tarixda birinchi marta o‘tkazilayotgan kompleks aholi va qishloq xo‘jaligi ro‘yxatini olish fonida alohida ahamiyatga ega. Bu tadbir BMTning so‘nggi xalqaro tavsiyalariga qat’iy rioya qilinib amalga oshirilayotgani ta’kidlanadi.
️ Sessiya doirasida O‘zbekiston delegatsiyasining BMT Statistika Komissiyasi rahbariyati va yetakchi xalqaro ekspertlar bilan yuqori darajadagi uchrashuvlari rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 2025-yil aprel oyida O‘zbekiston birinchi marta 2026–2029-yillar uchun BMT Statistika Komissiyasining to‘liq huquqli a’zosi etib saylanganligi eslatib o‘tiladi.
Source: kun.uz