Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

️ O‘zbekistonning chet elda geologiya-qidiruv ishlarini olib boruvchi “Uzbek Overseas Geology Company” (UOGC) MCHJ va “Navoiyuran” davlat korxonasi vakillaridan iborat delegatsiya Mo‘g‘ulistonda xizmat safarida bo‘lib turibdi. Safar davomida Mo‘g‘uliston hududida uranga istiqbolli bo‘lgan maydonlarda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish masalalari chuqur muhokama qilindi.

️ UOGC direktori o‘rinbosari Avzal Mirabdullayev Mo‘g‘ulistonning “Mon Atom” davlat kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazib, 2026-yil davomida mamlakat hududida uran zaxiralarini aniqlashga qaratilgan geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Tomonlar aprel oyida o‘tkazilishi kutilayotgan hukumatlararo yig‘ilish doirasida ikki davlatning kon-geologiya sohasiga mas’ul vazirliklari va tashkilotlari o‘rtasida strategik kelishuv imzolash masalasini muhofaza qildi.

️ Mazkur kelishuvga muvofiq, O‘zbekiston tomonidan UOGC va Mo‘g‘ulistonning “Mon Atom” davlat kompaniyasi o‘rtasida xizmat ko‘rsatish shartnomasini imzolash rejalashtirilmoqda. Shartnoma doirasida uranga istiqbolli deb baholangan maydonlar bo‘yicha zarur hujjatlar to‘plami tayyorlanadi, jumladan, geologik va ekologik loyihalar ishlab chiqilishi, tegishli sertifikatlar va ma’lumotlar to‘planishi hamda ular Mo‘g‘ulistonda litsenziya berish vakolatiga ega mas’ul tashkilotga taqdim etilishi nazarda tutilgan.

️ Rejaga ko‘ra, joriy yilda tegishli litsenziyalarni rasmiylashtirgandan so‘ng Mo‘g‘ulistonda uranga istiqbolli deb topilgan maydonlarda geologiya-qidiruv ishlari boshlanadi. Dastlabki ishlab chiqilgan loyiha hujjatlariga muvofiq, birinchi bosqichda ajratilgan maydonlarda taxminan 60 ming metr hajmda kompleks burg‘ilash ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu ishlar natijasida ushbu maydonlardagi potensial uran zaxiralari aniqlanadi va olingan ma’lumotlar asosida keyingi bosqich geologiya-qidiruv ishlari uchun aniqlashtirilgan dastur ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

️ Shu bilan birga, litsenziyalar rasmiylashtirilganidan keyin geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish maqsadida Mo‘g‘uliston hududida faoliyat yurituvchi burg‘ilash va geofizika kompaniyalari bilan shartnoma tuzish masalasi yuzasidan ham muzokaralar olib borilmoqda. Avvalroq UOGC Afg‘oniston hududida geologik-qidiruv loyihasini amalga oshirishni boshlagan edi, bu esa kompaniyaning mintaqaviy faoliyatini kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini ko‘rsatadi.

Source: www.gazeta.uz