Prezident qaroriga ko‘ra, "Vaqf" fondiga 800 milliard so‘m ajratildi. Hujjatda "davlat ta’minotidagi oila" toifasidagi oilalar, yolg‘iz yashovchi va parvarishga muhtoj keksa fuqarolar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalar yashaydigan oilalarga 1 million so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish belgilandi.
Foto: Kun.uz
Ramazon oyida muhtoj aholiga davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori e’lon qilindi. Hujjatda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari belgilab berilgan.
Qarorga ko‘ra, ijtimoiy reyestrning "davlat ta’minotidagi oila" toifasidagi oilalari, yolg‘iz yashovchi va parvarishga muhtoj keksa fuqarolar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalar yashaydigan oilalarga 1 million so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam to‘lanadi.
Bundan tashqari, ijtimoiy reyestrning "kam ta’minlangan oila" toifasidagi oilalari, shuningdek, "mahalla etti" tomonidan tuziladigan qo‘shimcha ro‘yxatga kiritilgan muhtoj oilalarga 500 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam beriladi. Shu bilan birga, qo‘shimcha ro‘yxatga kiritiladigan oilalar soni tegishli hududdagi "davlat ta’minotidagi oila" toifasidagi oilalar umumiy sonining 20 foizidan oshmasligi kerak.
Shuningdek, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning 6 ming nafar kasal a’zolarining davolanish va jarrohlik operatsiyalari xarajatlari qoplanadi. Muhtoj fuqarolarni tibbiy muassasalarga yo‘naltirish va xizmatlar uchun to‘lov amalga oshirish alohida axborot moduli orqali tashkil etiladi, uning ishga tushirilishi 1 martgacha rejalashtirilgan.
Ko‘rsatilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun "Vaqf" fondiga 800 milliard so‘m ajratish ko‘zda tutilgan. To‘lanadigan moddiy yordam jismoniy shaxslarning daromad solig‘ini hisoblashda ularning yalpi daromadiga kiritilmasligi belgilandi.
Yordam oluvchilar ro‘yxati Milliy ijtimoiy himoya agentligi va mahallalar tomonidan 5 kun ichida tuzilib, "Vaqf" fondiga taqdim etiladi. Mablaglar 2026-yil 1 martgacha "Xalq banki" orqali fuqarolarning ijtimoiy yoki bank kartalariga o‘tkaziladi.
Source: kun.uz