Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi rahbari Muzaffar Hamdamov o'g'li va jiyanini Sankt-Peterburgdagi "Qizil yelkanlar" bitiruv bayramiga yuborgani uchun lavozimidan ozod qilindi. Yana 5 xodimga intizomiy choralar qo'llash to'g'risida takliflar kiritildi.

Foto: Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi

Davlat xizmatchilari qarindoshlarini iqtidorli o'quvchilar o'rniga Sankt-Peterburgdagi bitiruv bayramiga yuborilgani haqidagi fakt bo'yicha xizmat tekshiruvi o'tkazildi. Natijada, Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi rahbari Muzaffar Hamdamov lavozimidan ozod qilindi. Ma'lumotni Korruptsiyaga qarshi kurash agentligi tasdiqladi.

Tekshiruv jarayonida mas'ul shaxslar "Davlat fuqarolik xizmati to'g'risida" va "Qiziqishlar to'qnashuvi to'g'risida" qonunlar talablariga, shuningdek davlat xizmatchilari xizmat axloqi normalariga zid harakatlar qilganliklari, qo'pol xatolar va buzilishlarga yo'l qo'yganliklari aniqlandi.

Bundan tashqari, vazirlikka boshqarma o'rinbosari A.B., buxgalteriya hisobi va davlat xaridlari bo'limi yetakchi mutaxassisi O.M., o'qituvchilar bilim va malakasini baholash tashkiloti bo'limi bosh metodisti O.M., o'quvchilar bilimlarini baholash va tahlili bo'limi boshlig'i G.S., shu bo'lim metodisti I.X.ga nisbatan intizomiy jazolar qo'llash to'g'risida takliflar kiritildi.

Masala vazirlik Axloq komissiyasining yig'ilishida ko'rib chiqilib, kelajakda bunday holatlarning oldini olish choralari belgilandi.

Ma'lumot uchun: Muzaffar Hamdamov 2019 yildan beri Paxtachi tumani hokimi lavozimida ishlagan, 2025 yil fevral oyida esa viloyat boshqarmasi rahbari etib tayinlangan.

Eslatib o'tamiz, 2025 yil iyun oyida Sankt-Peterburgdagi "Qizil yelkanlar" bayramiga a'lochi o'quvchilar o'rniga boshqarma ayrim mansabdor shaxslarining farzandlari va qarindoshlari yuborilgan edi.

Shundan so'ng Korruptsiyaga qarshi kurash agentligi tekshiruv boshladi. Natijalariga ko'ra, xorijiy safar uchun mahalliy byudjetdan ajratilgan 95 million so'mdan 3 o'quvchining ota-onalari tomonidan 28 million so'm byudjetga qaytarilgan. Shuningdek, vazirlikka homiylik qilgan mansabdor shaxslarni lavozimidan ozod qilish to'g'risida ko'rsatma kiritilgan edi.

Source: kun.uz


So'nggi yangiliklar