Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon 17-fevral kuni Dushanbe shahrida O'zbekiston Bosh vaziri Abdulla Oripovni ishchi tashrif bilan qabul qildi. Buni Tojikiston Prezidentining matbuot xizmati xabar berdi.

Muloqot davomida tomonlar Tojikiston va O'zbekiston o'rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qildilar. Ularni keyingi rivojlantirish va kengaytirish yo'llari ko'rib chiqildi.

O'zaro savdo va investitsiya hamkorligi ko'rsatkichlarining ijobiy o'sish dinamikasi mamnuniyat bilan qayd etildi. Emomali Rahmon sanoat, energetika, transport, qishloq xo'jaligi va o'zaro manfaatli boshqa sohalarda bu jarayonni yanada ilgari surish uchun sezilarli imkoniyatlar mavjudligini ta'kidladi. Tomonlar, shuningdek, madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirishga qiziqish bildirdilar.

Tojikiston rahbari savdo-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha Hukumatlararo komissiyaning samarali ishlashini ta'kidladi, uning navbatdagi yig'ilishi shu kuni Dushanbeda bo'lib o'tdi.

Tomonlar ikki tomonlama kun tartibining barcha yo'nalishlari bo'yicha konstruktiv va ishonchli davlatlararo muloqotni davom ettirish muhimligini ta'kidladilar. E'tibor, shuningdek, kelgusi yuqori darajadagi uchrashuv va muzokaralarga sifatli tayyorgarlik ko'rish masalalariga qaratildi. Joriy yilda shunga o'xshash davlatlararo tadbirlarni tashkil etish va o'tkazish grafigi bo'yicha fikr almashildi.

Foto: Tojikiston Prezidentining matbuot xizmati

Source: kun.uz


So'nggi yangiliklar