O'g'li va jiyanini Sankt-Peterburgdagi bitiruv bayramiga yuborgan Muzaffar Hamdamov lavozimidan ozod qilindi. Yana 5 xodimga nisbatan intizomiy choralar qo'llash takliflari kiritildi.
Foto: Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi
Davlat mansabdor shaxslarining qarindoshlarini iqtidorli o'quvchilar o'rniga Sankt-Peterburgdagi bitiruv bayramiga yuborish holati bo'yicha xizmat tekshiruvi o'tkazildi. Natijada Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi rahbari Muzaffar Hamdamov lavozimidan ozod qilindi. Ma'lumotni Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi tasdiqladi.
Tekshiruv jarayonida mas'ul shaxslar "Davlat fuqarolik xizmati to'g'risida" va "Qiziqishlar to'qnashuvi to'g'risida"gi qonunlar talablariga, shuningdek davlat xizmatchilari xizmat axloqi normalariga zid harakatlar qilganliklari, qo'pol xatolar va buzilishlarga yo'l qo'yganliklari aniqlandi.
Bundan tashqari, vazirlikka boshqarma o'rinbosari A.B., buxgalteriya hisobi va davlat xaridlari bo'limi yetakchi mutaxassisi O.M., o'qituvchilar bilim va malakasini baholash tashkiloti bo'limi bosh metodisti O.M., o'quvchilar bilimlarini baholash va tahlili bo'limi boshlig'i G.S., shu bo'lim metodisti I.X.ga nisbatan intizomiy jazolar qo'llash takliflari kiritildi.
Masala vazirlik Axloq komissiyasining yig'ilishida ko'rib chiqilib, kelgusida bunday holatlarning takrorlanmasligi uchun choralar belgilandi.
Ma'lumot uchun: Muzaffar Hamdamov 2019 yildan Paxtachi tumani hokimi lavozimida ishlagan, 2025 yil fevral oyida esa viloyat boshqarmasi rahbari etib tayinlangan edi.
Eslatib o'tamiz, 2025 yil iyun oyida Sankt-Peterburgdagi "Qizil yelkanlar" bayramiga a'lochi o'quvchilar o'rniga boshqarma ayrim mansabdor shaxslarining bolalari va qarindoshlari yuborilgan edi.
Shundan so'ng Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi tekshiruv boshladi. Natijalarga ko'ra, xorijiy safar uchun mahalliy byudjetdan ajratilgan 95 million so'mdan 28 million so'm 3 nafar o'quvchining ota-onalari tomonidan byudjetga qaytarilgan. Shuningdek, vazirlikka qarindoshlik qilgan mansabdor shaxslarni lavozimidan ozod qilish haqida taklif kiritilgan edi.
Source: kun.uz