O'zbekistonda "eng boy" va "eng kambag'al" mintaqalar o'rtasidagi daromad farqi 3,6 baravarga yetdi. Bu holat "sog'lom va tabiiy" farqdan oshib, xavfli bosqichga o'tganini anglatadi.

2018-2025 yillar oralig'ida Toshkent shahrida aholi jon boshiga daromad 4,5 baravar o'sdi (16,2 million so'mdan 73,9 million so'mgacha). Farg'ona viloyatida 3,6 baravar, Jizzax viloyatida esa eng past - 2,9 baravar o'sish qayd etildi. 2018 yilda Toshkentning Navoiy viloyatidan 16,5% yuqori bo'lgan daromadi 2025 yilda 40% ga yaqin farqqa yetdi.

O'rtacha oylik ish haqi 2025 yilda 6,4 million so'mni tashkil etdi. Faqat Toshkent shahri (10,7 million so'm) va Navoiy viloyati (7,8 million so'm) mamlakat o'rtachasidan yuqori ko'rsatkichlarga ega. Ish haqi farqi 2021 yilda 2,03 baravardan (Toshkent / Surxondaryo viloyati) 2025 yilda 2,4 baravargacha (Toshkent / Qashqadaryo viloyati) oshdi.

Rivojlangan mamlakatlarda daromad farqi odatda 1,5-2 baravar, rivojlanayotgan mamlakatlarda esa 3 baravargacha bo'lishi mumkin. O'zbekistonda farqning tez o'sishi muammo hisoblanadi, chunki mintaqalar poytaxtni quvib yetmay, ortda qolmoqda.

2025 yilda 252,8 ming kishi ichki migratsiya qildi, ulardan 121 mingdan ortig'i (48%) Toshkent shahri va viloyatiga ko'chib o'tdi. Bu ko'rsatkich Farg'ona viloyatidan 7,5 baravar yuqori.

Mintaqalarda ishsizlikning o'sishi qishloq xo'jaligida ishchi kuchiga talabning texnologik rivojlanish tufayli kamayishi va suv resurslarining yetishmasligi bilan bog'liq. Qishloq xo'jaligining YaIMdagi ulushi 2017 yilda 32,2% dan 2025 yilda 17,3% gacha tushdi.

Source: kun.uz


So'nggi yangiliklar