1-aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Ohangaron tuman sudida 2025-yilning kuzida ov quroli bilan ayolga tahdid qilgan Dilshod Karabashevga nisbatan jinoyat ishi ochiq sud majlisida ko‘rib chiqildi. Gazeta sud hujjatini o‘rgandi.
Ish materiallariga ko‘ra, 2025-yil 22-oktabr kuni kechasi Karabashev Ohangaron tumanida joylashgan savdo do‘koni oldida Sh. N.ni o‘ldirish bilan qo‘rqitib, o‘ziga tegishli ov quroli bilan uning bosh qismiga urib, turli tan jarohatlari yetkazgan. Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, jabrlanuvchida bosh miya chayqalishi va tananing turli qismlarida jarohatlar aniqlangan bo‘lib, ular yengil tan jarohatlari toifasiga kiritilgan.
Sudda so‘z berilgan Karabashev aybini qisman tan oldi. Uning aytishicha, u Sh. bilan avvaldan tanish bo‘lgan va ular o‘zaro kelishib shar’iy nikoh qurgan. “Men unga bir necha yil davomida pul jo‘natdim. Keyin oramizda kelishmovchiliklar chiqdi. O‘sha kuni men faqat narsalarimni talab qilmoqchi edim. U eshitishni istamay, gap qaytardi, jahlim chiqib ketib, qo‘ndoq bilan bir marta urdim. Uni o‘ldirish niyatim bo‘lmagan”, dedi u.
Jabrlanuvchi Sh. N. esa sudda butunlay boshqacha holatni bayon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u avvalgi turmushidan ajrashgan va bir nafar qizi bor. Karabashev bilan maktab davridan tanish bo‘lib, ajrashganidan keyin u sovchi qo‘ygan.
Sh. N.ning aytishicha, ularga doimiy yashash joyi bo‘lmagani uchun kattalar keyinroq turmush qurishni maslahat bergan. Shu vaqtda Karabashev Rossiyada ishlab, pul jo‘natishini aytgan. Uning bildirishicha, 2025-yil davomida u 15 mln so‘m, 10 mln so‘m va 3,5 ming AQSh dollarini uy olish uchun yig‘ish maqsadida bergan. Bu mablag‘larning bir qismi uning tanishi orqali olib ketilgan, yana bir qismini esa Karabashevning o‘zi bo‘lib-bo‘lib olgan.
Jabrlanuvchi keyinchalik ular o‘rtasida tez-tez janjallar bo‘lib turganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Karabashev bir necha bor uni o‘ldirish bilan qo‘rqitgan. “U menga ov miltig‘i bilan o‘ldirishini aytib, doimiy ravishda tahdid qilardi”, dedi u. Bu holatlar haqida u qarindoshlariga va Karabashevning yaqinlariga ham xabar berganini aytdi.
Sh. N. 2024-yil dekabr oyida bo‘lgan holatni ham esladi. Uning aytishicha, Karabashev uyiga kelib: “Mendan voz kechsang, bir o‘q senga, bir o‘q menga”, deb tahdid qilgan. U shu zahotiyoq ichki ishlar organlariga murojaat qilganini, keyingi kuni Karabashev kelib kechirim so‘raganini bildirdi.
Uning ko‘rsatmasiga ko‘ra, 2025-yil sentabr oyida yana janjal chiqqan va shundan keyin tahdidlar davom etgan. 22-oktabr kuni kechqurun Karabashev unga qo‘ng‘iroq qilib, turmush qurish masalasini so‘ragan. “Men „yo‘q“ deb javob berdim. U esa „oxirgi yashash kuning“ dedi va telefonni o‘chirib qo‘ydi”, dedi jabrlanuvchi.
Uning aytishicha, shu kuni soat taxminan 23:30 larda Karabashev qo‘lida ov quroli bilan ish joyiga kelgan. U avval do‘kon oldidagi qoravulni qurol bilan urib, haydab yuborgan. “Keyin u menga yaqinlashib, boshimga urdi. Boshimdan qon ketdi. Qo‘rqib, do‘kon ichidagi rastani tagiga yashirindim”, dedi Narbayeva.
Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, Karabashev do‘kon ichiga kirib, uni quvgan. “U rastani ustidan sakrab o‘tib, yuzimga musht tushirdi. Keyin qurolni peshonamga tirab, „bugun o‘lasan“ deb aytdi”, dedi u. Jabrlanuvchiga ko‘ra, shundan so‘ng sudlanuvchi uni qurol qo‘ndog‘i bilan tanasining turli joylariga qayta-qayta urgan.
“Men og‘riqqa chiday olmay baqira boshladim, lekin hech kim yordamga kelmadi. Shunda uni to‘xtatish uchun „mayli, senga turmushga chiqaman“ deb aytdim”, dedi u. Uning ta’kidlashicha, shundagina Karabashev to‘xtagan, ammo yana tahdid qilgan: “Yana aldasang, keyingi safar bolang bilan qo‘shib o‘ldiraman”, degan.
Jabrlanuvchi hozirgacha boshi va tanasidagi og‘riqlar saqlanib qolayotganini bildirib, suddan unga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish va aybdorga qonuniy chora ko‘rishni so‘radi.
Guvoh Baxodir Usmanov voqea kuni do‘kon atrofida bo‘lganini aytdi. Uning ko‘rsatuviga ko‘ra, u baqir-chaqir ovozlarini eshitgan, ammo voqeaning o‘ziga guvoh bo‘lmagan. Keyinchalik atrofdagilar Karabashev voqea joyidan yuk mashinasida ketib qolganini aytgan. Shundan so‘ng u ichki ishlarga janjal haqida xabar qilgan.
Sud barcha dalillarni o‘rganib, Karabashevni Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) va 277-moddasi 3-qismi “b” bandi (O‘qotar qurolni namoyish qilib, uni qo‘llash bilan qo‘rqitib bezorilik qilish) bo‘yicha aybli deb topdi. Unga 1 yil axloq tuzatish ishlari hamda 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan unga uzil-kesil 4 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.
Hukmga ko‘ra, jazo manzil-koloniyada o‘taladi va uning muddati 2025-yil 13-noyabrdan hisoblanadi. Sud, shuningdek, ish bo‘yicha ashyoviy dalillarni davlat foydasiga o‘tkazish, jabrlanuvchiga esa moddiy va ma’naviy zararni undirish uchun fuqarolik tartibida da’vo qilish huquqini tushuntirdi.
Taraflar hukm ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
Source: www.gazeta.uz