Poytaxtda O‘zbekiston yosh arxitektorlari uyushmasi, Toshkent shahar hokimligi va Progressiv islohotlar markazi tomonidan tashkil etilgan III Tashkent Urban Forum bo‘lib o‘tdi. Beshta panel sessiyasi doirasida mahalliy va xorijlik arxitektorlar, developerlar, transportni rejalashtirish bo‘yicha mutaxassislar va boshqa soha ekspertlari shahar rivojlanishini iqtisodiyot, investitsiyalar va ekologiya nuqtai nazaridan muhokama qildi.
“Shahar, media va jamoatchilik ishonchi” mavzusiga bag‘ishlangan yakuniy sessiya eng og‘riqlisi bo‘ldi. Davlat organlari, quruvchilar va shahar aholisi o‘rtasidagi ishonch va muloqot muammolari, shuningdek, muloqotni yo‘lga qo‘yish va “shahardagi o‘zgarishlarga nisbatan tasavvurni shakllantirishda” OAVning o‘rni sessiya ishtirokchilarining diqqat markazida bo‘ldi.
Sessiyada Gazeta’ning maxsus materiallar bo‘limi bosh muharriri va Afisha Media kompaniyasining axborot hamkorligi loyihalari menejeri Sabina Bakayeva ishtirok etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zaro muloqotdagi tushunmovchilik ko‘pincha shahar jarayonlarining murakkabligi tufayli yuzaga keladi: “[jarayonning] maqsad va vazifalarini tushunarli qilib ochiqlash, mohiyatini yetkazish uchun Telegram kanaldagi bitta xabarning o‘zi yetarli emas”.
“Men uchun shahar – bu barcha davlat idoralari, maktablar, shifoxonalar, ko‘ngilochar maskanlar, transport va boshqa hamma narsa. Shaharni eshitishlari uchun u o‘z narrativlarini aholiga izchil yetkazishi kerak. To‘g‘ri savollar berish muhim va, nazarimda, Gazeta buning uddasidan chiqadi”, – deya qayd etdi u.
Jurnalist sifatida Bakayeva shahar muhitidagi o‘zgarishlarni muntazam yoritib boradi. Xususan, u Raqamli rivojlanish departamenti faoliyati, “aqlli” svetoforlar va tashqi reklama dizayn-kodining joriy etilishi, shahar istirohat bog‘lari, Shota Rustaveli va Navoiy ko‘chalarining rekonstruksiyasi, jamoat transporti tizimi faoliyatidagi korrupsion sxema hamda veloyo‘laklar haqida yozgan.
Tahririyatning yangi yo‘nalishi – Gazeta yil boshidan buyon rivojlantirib kelayotgan axborot hamkorligi aynan shu mantiqqa asoslanadi. Bu g‘oya ko‘plab OAV duch keladigan muammodan kelib chiqqan: tahririyatlarda shahar jarayonlarini muntazam va sifatli yoritish uchun har doim ham xodimlar va resurslar yetarli bo‘lavermaydi.
Progressiv islohotlar markazi eksperti, bloger Nikita Makarenko o‘z chiqishida aholi va biznes o‘rtasida muloqot yo‘qligi haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda quruvchi kompaniyalarning mutlaq ko‘pchiligi “zo‘ravonlik va ziddiyat yo‘lidan” bormoqda va “hech kim win-win holatiga intilmayapti”.
Bloger 2023-yilda Yunusobodning 8-dahasida NRG turar joy majmuasi qurilishiga qarshi chiqqan aholini sportchilar bilan qo‘rqitishga uringanlarini misol qilib keltirdi. “Bizda sivilizatsiyalashgan developerlar qo‘llashi mumkin bo‘lgan vositalar bor. [Masalan], Shaharsozlik kodeksi. Unda jamoatchilik eshituvlari mexanizmlari juda yaxshi belgilab qo‘yilgan”, – deydi u.
O‘zLiDeP raisi o‘rinbosari, “Yuksalish” umummilliy harakati Toshkent shahar bo‘limi rahbari Dilshod Shoumarov ham fuqarolarning quruvchi kompaniyalar bilan ziddiyatlari haqida so‘z yuritdi. Uning aytishicha, taxminan besh yil avval hokimlikda tadbirkorlar uchun “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazilgan, biroq loyihalarni amalga oshirishda hududda nima borligi – turar-joy binolari, bolalar maydonchalari yoki yashil zonalar – har doim ham hisobga olinmagan.
“Hamma uchun sport” xalqaro assotsiatsiyasi (TAFISA) vakili Alfiya Qalmaganbetova loyiha ustida ishlayotgan developerlarning aksariyati konseptual yondashuv muhimligini inobatga olmasligiga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, qurilish kompaniyalarida asosiy urg‘u inson ehtiyojlariga emas, balki iqtisodiyot va marketingga mas’ul bo‘lgan rivojlantirish bo‘limlariga qaratiladi.
Alfiya Qalmaganbetova Olmaotada hokimlik va shahar aholisiga bir-birini eshitish va manfaatlarini inobatga olishga yordam berayotgan “Xalq ishtirokidagi budjet” davlat dasturi haqida so‘zlab berdi. Dastur shaharliklarga mahalliy budjet mablag‘larining bir qismini nimalarga sarflashni bevosita hal qilish imkonini beradi.
“Odamlar qulaylikda, faol shahar muhitida yashashni, jarayonlarga ishtirok etishni xohlaydi. Bizda esa hozir shunday vaziyatki, shaharlik uchun qaror qabul qilinadi, buziladi, quriladi, lekin o‘zidan so‘ralmaydi. Psixologik nuqtai nazardan shu zahoti qarshilik ko‘rsatish hissi paydo bo‘ladi. Agar muloqotni yo‘lga qo‘yish uchun oddiy qadamlarni tashlashni boshlasak, o‘ylaymanki, muammolar kamayadi”, – deya xulosa qildi u.
Source: www.gazeta.uz