Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda may oyi juda beqaror ob-havo bilan boshlanib, butun oy bo‘yicha harorat may oylaridagi ko‘p yillik o‘rtacha me’yordan 1,5−2 daraja yuqori, ya’ni issiq, yog‘ingarchilik kesimida respublika bo‘ylab me’yordan biroz ko‘p, ammo jadal yog‘inlar bilan o‘tishi oydinlashmoqda.

Jahon meteorologik tashkiloti dunyo bo‘ylab kelayotgan may, iyun va iyul oylari uchun maslahatomuz prognozlarini taqdim etgan. Unda Tinch okeanining ekvator qismida suv harorati tez ko‘tarilayotgani keltirilgan. Bu esa 2026-yil may-iyul oylaridayoq El-Nino hodisasi qayta boshlanishi ehtimoli yuqori ekanini ko‘rsatyapti. Mutaxassislarga ko‘ra, yaqin uch oyda dunyo bo‘ylab quruqlikda harorat me’yordan yuqori bo‘lishi deyarli umumiy holatga aylanadi. Yog‘ingarchilik esa hududlarga qarab keskin farq qiladi.

El-Nino boshlanishi odatda Markaziy Osiyoda, jumladan, O‘zbekistonda yoz faslida haroratning yanada oshishi va ayrim hududlarda yog‘ingarchilik rejimining keskin o‘zgarishiga olib kelishi mumkin. Bunda o‘tmishdan issiq to‘lqinlarning kuchayishi, vodiy viloyatlari va baland tog‘lar uchun sel va qisqa muddatli kuchli yomg‘irlar yog‘ish ehtimolini oshirib, ayrim joylarda qurg‘oqchilik xavfining ortishi kabi holatlar bilan kechgan.

O‘zbekistonliklar azaldan may oyida havo haroratining nol darajadan-da keskin pasayib ketishi bilan bog‘liq anomal sovuq kunlar, shu bilan birga, yozning chillasida kuzatiladigan jazirama anomal issiq kunlariga ko‘p-ko‘p guvoh bo‘lgan. Masalan, o‘tgan 2025-yilning may oyida respublikaga faqat yoz oylarida kirib keluvchi issiq havo oqimining ushbu oyda kirib kelganini o‘zbekistonliklar hali esdan chiqarmagan bo‘lsa kerak. 1989-yilning 1-may sanasi esa yoshi kattalar yodida bo‘lib, o‘sha paytda mintaqaga kirib kelgan sovuq oqim respublikaning katta qismida havo haroratini nol darajadan pasaytirib yuborib, joylarga qorlarni ulashgan edi.

O‘zgidromet bu safar may oyi uchun taqdim etgan maslahatomuz ob-havo prognozida oyning ko‘p yillik iqlimiy me’yordan 1,5−2 daraja yuqori bo‘lishi bilan bog‘liq kutilmalarini omma bilan bo‘lishdi. Agentlik o‘zining oylik ob-havo prognozida joriy oy namgarchil, mo’tadil yoki quruq kelishi haqidagi ma’lumotlarni ochiqlamagan.

Shunga qaramay, bu yil mayning boshlari beqaror ob-havo bilan boshlanib, oyning birinchi 5 kunligida ayrim hududlarda momaqaldiroq, kuchli shamollar va qisqa muddatli yomg‘irlar kuzatilishiga ishoralar qaratilgan.

Harorat kechalari 13−18°, kunduzlari 22−27° atrofida bo‘ladi. Keyinchalik oy davomida havo bosqichma-bosqich isib boradi: kechalari 18−23°, kunduzlari 30−35° gacha, ayniqsa, shimol, janub va cho‘l hududlarda 36−38° gacha chiqishi mumkinligi keltirilgan. Ayrim kunlarda qisqa chaqmoq-momaqaldiroqli yomg‘irlar yog‘ishi qo‘shimcha qilingan. Ushbu prognoz asosida oyning birinchi o‘n kunligi mo’tadil, yog‘inlarga boy o‘tishi mumkinligini tushunish mumkin.

O‘zbekistonda yaqin bir oylik ob-havo prognozlarini tuzishda dunyodagi 5 ga yaqin yirik alomatlarning ayni bugungi kundagi holati va ularning oylik prognozlariga e’tibor qaratib, mayda kutilayotgan yog‘ingarchilik va haroratning ko‘p yillik iqlimiy me’yordan qanday chetlashishlarga ega bo‘lishi mumkinligini ko‘rib chiqish mumkin.

Tinch okeani markazidagi suv harorati nihoyat barqaror isib borish tamoyiliga uchrab, ayni kunlarda neytral holatdan kuchsiz El-Nino holatiga o‘tishi qayd etilmoqda. Tinch okeani markazida asta El-Nino rivojlana boshlamoqda. Bu kabi jarayon endi dunyoda turli xil iqlim anomaliyalari ortishiga, dovullar, suv toshqinlari, yirik hajmdagi do‘l hodisalari ko‘payishiga olib keladi. Ayrim hududlarda esa rekord darajadagi issiqlik to‘lqinlari, qurg‘oqchilik kuchayadi.

Hozirda Atlantika okeani shimolidagi Shimoliy Atlantika sirkulyatsiya fazasi aprelning so‘nggi kunlarida yana qayta manfiy fazaga o‘tish holatida bo‘lib turibdi. Prognozlar bo‘yicha ham oy davomida u manfiy fazada qolishi taxmin qilinmoqda. Bunday pozitsiyada bizning mintaqaga may oyida Eron hududlaridan orqama-ketin nam havo oqimlari kirib kelishi ta’minlanadi. Ayniqsa, oyning ikkinchi o‘n kunligi anchayin namgarchil o‘tsa kerak.

Hind okeani shimolidagi suv haroratiga mintaqada qish-bahor mavsumidagi yog‘in quvvatini hal qiluvchi yana bir alomat sifatida qaralib, hozirda u musbat fazada turibdi. Butun may davomida ushbu hodisaning musbat fazada bo‘lishi bilan bog‘liq prognozlar taqdim etilmoqda. Bu kabi holat ham bizga janubdan kirib keluvchi nam havo oqimlari quvvatini kuchaytirib berish mexanizmi bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Yuqoridagi uch indikator mintaqada yog‘ingarchilik rejimi uchun hal etuvchi omil bo‘lsa, ayni may oyida issiq va nam havo oqimlari bilan o‘rin almashinuv payti joylarda kuchli jala hodisalari bo‘lishi, kuchli sel kelishi mumkin.

May oyida havo haroratining keskin sovib ketishi bilan bog‘liq kutilmalar hozircha yo‘q. Ya’ni respublikaning katta qismida tunlari va tonggi muddatlarda nabotot olami uchun havo haroratining +5 darajadan pasayib ketishi bilan bog‘liq sovuqlik kutilmalar mavjud emas. Tog‘lar, shimol hududlar uchun esa bunday deb bo‘lmaydi.

Shunday qilib, yuqoridagi 5 alomat, dunyoning turli ob-havo prognoz markaz ma’lumotlari hamda joriy mavsumga yaqinroq bo‘lgan o‘tmish analog yil ma’lumotlari asosida mayda kutilayotgan oylik yog‘ingarchilik va oylik havo haroratning ko‘p yillik iqlimiy me’yordan chetlashish xaritalarini tuzib chiqdik.

Unga ko‘ra, mayda oylik havo harorati Hisor tog‘liklari, Orol dengizi atrofi va Navoiy viloyati shimoliy hududlarida ko‘p yillik iqlimiy me’yordan 2−2,5 daraja yuqori, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlari, Toshkent va Samarqand viloyatining aksar tumanlarida biroz issiqroq bo‘lishi mumkin. Vodiy viloyatlarida joriy may me’yor atrofida o‘tishi oydinlashgan. Ehtimol, vodiyliklar salqin ob-havolardan ko‘proq bahramand bo‘ladi. Oyning birinchi va uchinchi o‘n kunliklari issiq, ikkinchi o‘n kunligi esa salqinroq bo‘lishini aytib o‘tish mumkin.

Yog‘ingarchilik kesimida oy davomida yog‘in taqsimoti har xil: Toshkent viloyatining katta qismida bu safar ko‘p yog‘inlar kuzatilib, ko‘p yillik iqlimiy me’yorning 1,5 barobarga yaqini yog‘ib qo‘yishi mumkin. Shu kabi katta chetlashishlar respublikaning Jizzax viloyati tog‘li hududlari hamda Navoiy va Buxoro viloyatlarining ayrim chegaradosh tumanlariga xos. Umuman olganda, Qizilqum cho‘li katta qismi, Qoraqalpog‘istonning ayrim tumanlari hamda Surxondaryo viloyati ko‘plab tumanlarini hisobga olmasa, kelayotgan may oyida respublika bo‘ylab yog‘inlar me’yoriy va undan sezilarli ko‘p bo‘lishi kutilmoqda.

Shunday qilib, oyning birinchi va ikkinchi o‘n kunligi namgarchil o‘tishi, kamida uchta nam havo oqimi bevosita yog‘in ulashib ketishi mumkin. Birinchi o‘n kunlikdagi yog‘inlar ancha shiddatli bo‘lib, sel xavflarini oshiradi. Ikkinchi o‘n kunlikda ham qo‘shni Turkmaniston hududlaridan janubiy siklonlarning chiqib kelish fonida hududlarga vaqti-vaqti bilan yaxshigina yog‘inlar tushishi mumkin. Uchinchi o‘n kunlik esa asosan quruq ob-havo bilan o‘tishi mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda, may oyi yog‘ingarchilik kesimida respublikaning katta qismida ancha namgarchil, harorat bo‘yicha esa vodiy viloyatlaridan tashqari issiqroq o‘tishi, ora-orada kuchli jala va sel hodisalari kuzatilishi aniq bo‘lmoqda.

Takror bo‘lsa-da, shuni yana bir bor alohida ta’kidlash joizki, uzoq muddatli, xususan, oylik va mavsumiy ob-havo prognozlarining o‘zini oqlash darajasi ancha past. Bahor-yoz mavsumida har bir oy uchun 70−80 foizdan yuqori aniqlikda prognoz bera oladigan usullar hozircha mavjud emas.

Source: www.gazeta.uz