Toshkentda yakshanba kuni bir necha soat davom etgan yomg‘ir mavjud infratuzilma uchun sinov bo‘ldi. Chaqmoq urishi natijasida elektr toki uzilib, drenaj tizimidagi muammolar yo‘llarning suv ostida qolishiga olib keldi. Ayrim hududlarda kichik toshqinlar yuz berdi. Shaharsozning so‘zlariga ko‘ra, agar yomg‘ir biroz ko‘proq yog‘ganida, favqulodda vaziyat yuzaga kelishi mumkin edi.
Joriy bahor, avvalgi yillarga qaraganda, yomg‘irli kelmoqda. 3-may kuni yog‘gan yomg‘ir bir necha soat davom etib, bir necha daqiqa kuchli jala ko‘rinishida bo‘ldi. Biroq, O‘zbekiston poytaxtining infratuzilmasi bunga ham bardosh bera olmadi.
Eng avvalo, “Chorsu” metro bekati deyarli suv ostida qoldi. Bekatning kirish qismi yarmigacha suv bilan to‘ldi. Bundan tashqari, ko‘chalarda va turar-joy massivlarida mahalliy toshqinlar kuzatildi. Chilonzor tumani aholisi ko‘chaga chiqishning iloji yo‘qligi haqida videolarni tarqatdi.
Muhim jihat shundaki, yomg‘ir haddan tashqari kuchli bo‘lmagan va uning yog‘ishi oldindan bashorat qilingan edi. Shunga qaramay, drenaj tizimi va yomg‘ir suvini chiqarish infratuzilmasi bardosh bera olmadi.
Kun.uz’ga bergan intervyusida Toshkent arxitektura-qurilish instituti shahar infratuzilmasi kafedrasi mudiri Asadulla Xatamov, agar o‘sha kuni yomg‘ir biroz ko‘proq yog‘ganida, mavjud infratuzilma bilan favqulodda vaziyat yuzaga kelishi mumkin edi, dedi. U suv to‘planishining bir qancha sabablari borligini va bu muammo yillar davomida kuchayib borayotganini qo‘shimcha qildi.
“30 yil oldin Toshkentga birinchi kelganimizda, shaharda jarliklar bor edi va yig‘ilgan suv ularga oqardi. Ammo hozir ular quritilib, to‘ldirilgan. Bundan tashqari, ariqlar bir-biridan ajratilgan va ularning barchasi axlat bilan to‘lib ketgan, bu albatta bunday toshqinlarning paydo bo‘lishiga ta’sir ko‘rsatdi”, deydi shaharsoz.
Bundan tashqari, shaharlarni qurishda vertikal loyihalash juda muhim. Bugungi kunda yomg‘ir suvini chiqarish vazifasini bajaruvchi quvurlar va vertikal suv chiqarish tarmog‘i bilan bog‘liq real muammolar kuzatilmoqda.
“Drenaj – bu yer osti suvlarini me’yorda ushlab turuvchi tizim. Drenaj bilan bog‘liq muammolar asosiy sabab deb o‘ylamayman. Bu yerda suv chiqarish tarmoqlari haqida gap ketmoqda. Suv oqimi koeffitsienti mavjud: oddiy tuproq, beton va asfalt suvni turlicha shimadi. Shundan kelib chiqib, vertikal loyihalash muhim”, deydi Asadulla Xatamov.
So‘nggi yillarda Toshkent aholisi sezilarli darajada oshdi. Zamonaviy Toshkent qurilishi paytida yaratilgan infratuzilma ortiqcha yuk bilan ishlayotgani aniq. Odamlar sonining ko‘payishi va zichlikning oshishi toshqinlarga sabab bo‘ladimi? Shaharsozning fikricha, yo‘q.
“Ha, shaharda odamlar ko‘paymoqda, ammo yer maydoni bir xil – u kamaymagan. Har bir yangi massiv, turar-joy kvartali, turar-joy binolari qurilishida vertikal loyihalash tamoyillariga rioya qilish va ularni adekvat bajarish kerak. Ammo quruvchilarga bu qiziq emas, buyurtmachilar uchun esa ob’ektlarni tezroq topshirish muhim”, deydi shaharsoz.
Har bir qurilayotgan uy oldidagi trotuarlar va yo‘laklar nishab standartlariga mos kelishi kerak – bu arxitekturaning oddiy talabi. Ammo ko‘pchilik quruvchilar bunga rioya qilmaydi. Loyihada bu ko‘rsatiladi, ammo amalda qurilishni shunday bajarish masala”, deya qo‘shimcha qildi mutaxassis.
Toshkent hokimligi toshqinlarning oldini olish uchun byudjetdan 2 million dollardan ortiq mablag‘ ajratdi. Ammo yakshanba kungi yomg‘ir bu yo‘nalishda aniq nima qilingani va mablag‘lar nimaga sarflangani haqida savollar tug‘dirdi. Hokimlik “Chorsu” bekatidagi suv to‘planishiga e’tibor qaratib, asosiy muammo sifatida irrigatsiya tarmoqlarining ifloslanishini ko‘rsatdi.
Source: kun.uz