Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida uyda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida to‘rt kishi vafot etdi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berildi.
Avvalroq uch kishi — ona va uning ikki farzandi halok bo‘lgani, yana bir kishi og‘ir ahvolda shifoxonaga olib ketilgani ma’lum edi. Shifoxonadagi bemor halok bo‘lgan ayolning qaynotasi bo‘lib, u kelini va nabiralarini qutqarishga urinib og‘ir kuyish jarohatlari olgan edi. U Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida bir necha kun davom etgan muolajalardan so‘ng vafot etdi.
Yong‘in 16-fevral kuni Beltepa mahallasida sodir bo‘ldi. Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi yong‘in haqidagi xabarni soat 20:51 da oldi. Qutqaruvchilar 20:54 da manzilga yetib keldi, yong‘in 21:29 da qurshab olindi va 21:38 da batamom o‘chirildi. Yong‘in o‘chirilgandan keyin uch kishining jasadi topildi, yana bir kishi tez tibbiy yordamga topshirildi.
Source: www.gazeta.uz