Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda viloyatga investitsiyalar va eksportni oshirish vazifasini qo‘ydi. O‘tgan davrda hududda 5 milliard dollarlik 8 mingdan ortiq loyiha ishga tushdi. Xitoy, AQSh, Rossiya kabi davlatlar bilan 10 milliard dollarlik kelishuvlarga erishildi.
Prezident viloyat hokimlari oldida joriy yilda investitsiyalarni 3 milliard dollarga, eksportni 1 milliard dollarga yetkazish vazifasini belgiladi. Hududda kambag‘allik va ishsizlikni kamaytirish, Termiz va boshqa tumanlarni “kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hudud”ga aylantirish muhim ekani ta’kidlandi.
Viloyatda sanoat ulushi so‘nggi 9 yilda 5 karra o‘sib, 10 foizga yetdi, lekin bu hali kam. 100 million tonna ko‘mir zaxirasi bo‘lib, yiliga atigi 1 foizi qazib olinyapti. Boysundagi “Sanjar”, Oltinsoydagi “Oqsuv” konlarida ko‘mir qazib olishni boshlash topshirildi.
Janubiy Afrikaning Sasol kompaniyasi ko‘mirdan polipropilen, polietilen va kauchuk ishlab chiqarishga qiziqish bildirgan. Sariosiyodagi “Qorakon”, “Jemsonit”, “Chuqur”, “Bayram-1” konlariga Xitoy investorlari 1 milliard dollar sarmoya kiritishga tayyor, dedi prezident.
Mazkur zaxiralar elektrotexnika, qurilish materiallari, kimyo, metallurgiya, avtomobilsozlik uchun xomashyo bazasi hisoblanadi. Bu konlar atrofida kamida 200 million dollarlik loyihalarni shakllantirish topshirildi. Boysundagi “Bezaktop” konida sifati yuqori tabiiy tosh zaxiralari o‘rganilmay turibdi, geologiya ishlarini boshlashga ko‘rsatma berildi.
Source: www.gazeta.uz