Toshkentda 25-fevral kuni BMW M4 (010210OC) avtomobili Yo‘l-patrul xizmati xodimini urib ketdi. Haydovchi 16 yoshli maktab o‘quvchisi bo‘lib, haydovchilik guvohnomasi yo‘q. Inspektor og‘ir jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizildi.
Ichki ishlar vazirligi (IIV) ma’lumotlariga ko‘ra, o‘smirning ota-onasi avval ikki marta ma’muriy javobgarlikka tortilgan: 2025-yil 12-sentabrda o‘g‘lining maktabni qoldirgani uchun va 2026-yil 8-yanvarda avtomobilni noqonuniy boshqargani uchun. IIV ota-onalarni mas’uliyatsizlikda aybladi.
Avtomobil egasi Atadiyanova Leyla Bekzodovnaga tegishli bo‘lib, u 2024-yildan beri 18 marta haydovchilik guvohnomasisiz shaxslarga mashina topshirgan va 37 marta yo‘l qoidalarini buzgan. Toshkent shahar IIBB YHXB matbuot kotibi Qahramon Xudoyberganov bu holatni “avtomobil egasining mas’uliyatsizligi” deb baholadi.
Haydovchi Doniyor: “O‘tgan safar xodimlar meni ogohlantirishgan edi. Men endi mashina haydamayman deb va’da bergandim. Lekin yana qoidaga hilof qilib haydab qo‘ydim. Mening barcha harakatlarim noto‘g‘ri.” Uning otasi Zafarjon Kuchkunov: “Men o‘g‘lim uchun aybdorman. Barcha ota-onalarga murojaat qilaman – mening misolimdan xulosa chiqarsinlar.”
Mirobod tumani prokuraturasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. IIV ota-onalarni farzandlarining harakatlarini nazorat qilishga chaqirdi.
Source: www.gazeta.uz