"Manchester Siti" matbuot xizmati 22-may kuni jamoa bosh murabbiyi Pep Gvardiola yozda o‘z lavozimini tark etishi haqida rasman xabar berdi. Ispaniyalik mutaxassis 2016-yil iyulidan beri klubni boshqarib kelgan va uning qo‘l ostida jamoa 20 ta yirik sovrinni qo‘lga kiritgan.
Gvardiola ketish sababini aniq bir omil bilan bog‘lamadi: "Ketish sabablarim haqida so‘ramang. Aniq bir sabab yo‘q, lekin ichimda his qilyapman: mening vaqtim keldi. Hech narsa abadiy emas". U o‘yinchilar, xodimlar va muxlislarga minnatdorchilik bildirdi.
Bosh murabbiylikdan ketgach, Gvardiola City Football Group tizimida global elchi sifatida faoliyat yuritadi. U guruhga kiruvchi klublarga texnik masalalarda maslahat beradi va alohida loyihalarda ishtirok etadi.
Klub raisi Xaldun Al Muborak Gvardiolaning murabbiylik yondashuvi "umumqabul qilingan haqiqatlarga doimo qarshi chiqish" imkonini berganini ta’kidladi. "U so‘nggi 10 yil ichida nafaqat "Manchester Siti"ni, balki butun futbolni yaxshiroq tomonga o‘zgartirdi", dedi u.
Gvardiola davridagi yutuqlar qatorida olti marta Angliya Premer-ligasi, bir marta UEFA Chempionlar ligasi, uch marta Angliya Kubogi va besh marta Angliya Liga kubogi bor. 2017/18 mavsumida jamoa Premer-liga rekordi – 100 ochko to‘plagan.
2022/23 mavsumida "Manchester Siti" "trebl"ga erishdi: Chempionlar ligasi, Premer-liga va Angliya Kubogi. Keyingi mavsumda esa ingliz futboli tarixida ketma-ket to‘rt marta yuqori divizion chempionligini qo‘lga kiritgan ilk klub bo‘ldi.
Gvardiolaning so‘nggi o‘yini yakshanba kuni "Aston Villa"ga qarshi bo‘lib o‘tadi va bu uning klubdagi 593-o‘yini bo‘ladi. Uning o‘rniga italiyalik Enso Mareska kelishi kutilmoqda.
Gvardiolaning ketishi “Manchester Siti”da to‘p surayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov uchun ham muhim. Husanov 2026-yil yanvarida Gvardiola tomonidan "klubning uzoq yillar uchun ajoyib xaridi" deb atalgan edi. Endi u yangi bosh murabbiy qo‘l ostida faoliyatini davom ettiradi.
Source: www.gazeta.uz