Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Germaniya Jinoyat kodeksining 188-moddasi siyosatchilarni haqorat qilganlik uchun uch yilgacha qamoq jazosini nazarda tutadi. Biroq, so‘nggi yillarda bu qonun qo‘llanilishi ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

2021-yilda kuchaytirilgan qonun, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda siyosatchilarni "ahmoq", "yolg‘onchi Fritz" yoki "Pinokkio" deb atagan fuqarolarga nisbatan qo‘llanilgan. Masalan, 2024-yilda 64 yoshli nafaqaxo‘rning uyi tintuv qilingan, chunki u o‘sha paytdagi iqtisodiyot vaziri Robert Habekni "ahmoq" deb atagan.

Hukumatdagi Xristian Demokratik Ittifoqi va yashillar partiyasidan bir qancha siyosatchilar qonunni bekor qilishni taklif qilmoqda. CDU parlament guruhi rahbari Yens Shpanning so‘zlariga ko‘ra, qonun mahalliy siyosatchilarni himoya qilish uchun yaratilgan bo‘lsa-da, amalda "kuchlilar o‘zlari uchun maxsus qonun yaratgan" degan taassurot qoldirgan.

Yevroparlament deputati Erik Markardtning fikricha, siyosatchilarni himoya qilish uchun alohida qonun kerak emas. "Agar siyosatchi haqorat qilinsa, u o‘zi sudga murojaat qilishi mumkin. Siyosatchi yoki oddiy fuqaro haqorat qilingani muhim emas", deydi u.

Shu bilan birga, Germaniya aholisining 58 foizi qonunni saqlab qolish tarafdori. Ijtimoiy-demokratik partiyadan Karmen Vegge qonunni mahalliy darajadagi siyosatchilarni himoya qilish uchun kerakli deb hisoblaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, onlayn haqoratlar odamlarni siyosatga kirishdan qaytarish uchun ataylab ishlatilmoqda.

Advokat Isaak Shuman esa qonun demokratik erkinliklarga xavf tug‘dirishi mumkinligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, 188-modda bekor qilinsa ham, haqorat va tuhmat bilan bog‘liq boshqa moddalar (185-187) o‘z kuchida qoladi. Germaniya adliya vazirlari qonunni faqat mahalliy darajadagi siyosatchilarga nisbatan qo‘llashni taklif qilgan, ammo yakuniy qaror Bundestagda qabul qilinadi.

Source: www.dw.com