O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ras-Laffan sanoat zonasidagi gazni qayta ishlash majmuasida yuz bergan portlash va yong‘in oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani hamda jiddiy jarohatlangani munosabati bilan Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyga ta’ziya yo‘lladi.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, davlat rahbari halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik so‘zlarini bildirgan, shuningdek, jarohatlanganlarning tez fursatlarda sog‘ayib ketishini tilagan.
21-iyun kuni kechqurun Qatar poytaxti Doha yaqinidagi Ras-Laffan sanoat zonasida joylashgan Barzan gazni qayta ishlash zavodida portlash yuz berdi. Oqibatda kamida 13 kishi halok bo‘ldi, yana 66 kishi jarohatlandi. QatarEnergy kompaniyasining bildirishicha, halokatga ishlab chiqarishni ishga tushirish vaqtidagi “texnik insident” sabab bo‘lgan.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, portlash oqibatida jarohatlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q. O‘zbekistonning Dohadagi elchixonasi Qatar Ichki ishlar vazirligi va boshqa vakolatli organlar bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi, deb qayd etdi TIV matbuot kotibi.
Source: www.gazeta.uz