Yevropa qit'asida navbatdagi jazirama issiqlik to'lqini kuchaymoqda. Germaniya ob-havo xizmati prognozlari va Yevropa Komissiyasi qo'shma tadqiqot markazining 2025-yilgi aholi soni bo'yicha ma'lumotlariga ko'ra, Fransiya, Italiya, Ispaniya va Buyuk Britaniyada yashovchi 135 milliondan ortiq odam harorat 35 daraja Selsiydan oshadigan hududlarda yashaydi.
Xuddi shu manbalarga ko'ra, payshanba kuni Yevropadagi har uch kishidan biri, ya'ni taxminan 340 million kishi 30 darajadan yuqori haroratni his qiladi. Avstriyaning Klimadashboard tashkiloti ham xuddi shunday ma'lumotlarni tasdiqlamoqda.
Buyuk Britaniya va Fransiya bu yozda beshinchi marta jazirama issiqlik to'lqiniga duch kelmoqda. Sinoptiklar Angliyaning markaziy va janubi-sharqiy qismida harorat 38 darajaga yetishi mumkinligini, bu yilning eng issiq kuni bo'lishi ehtimolini bildirmoqda. Fransiyada esa harorat 40 darajaga ko'tarilishi kutilmoqda.
Buyuk Britaniyada bu yil eng yuqori harorat 26-iyun kuni qayd etilgan bo'lib, sharqiy Angliyada termometr 38 darajani ko'rsatgan edi. Britaniya meteorologiya idorasi avgust oyining qolgan qismida o'rtacha harorat bo'lsa ham, o'tgan yilgi eng issiq yil rekordi yangilanishi mumkinligini ma'lum qildi.
Buyuk Britaniya Qirollik hamshiralik kolleji (RCN) jazirama issiqlik Milliy sog'liqni saqlash xizmatini (NHS) xodimlar va bemorlar uchun "imkonsiz va g'ayriinsoniy" joyga aylantirayotganini bildirdi. Kollej ma'lumotlariga ko'ra, ishchilar smena paytida hushidan ketish, issiqlik tufayli tutqanoqlar va homilador hamshiralar 30 darajadan yuqori haroratda ishlashga majbur bo'lish holatlari haqida xabar bermoqda.
Ko'plab xodimlar konditsioner, ventilyator yoki hatto yetarli shamollatishsiz ishlayotganliklarini aytishgan. Shu bilan birga, Fransiya va Buyuk Britaniya, Yevropaning ko'p qismi kabi, keng tarqalgan qurg'oqchilikka duch kelmoqda. Qurigan ekinlar va sayozlashgan daryolar uy xo'jaliklari, fermer xo'jaliklari va atrof-muhit uchun suv ta'minotiga tahdid solmoqda.
Bu holat hukumatlarni iqlim o'zgarishining ta'sirini sekinlashtirish uchun qisqa va uzoq muddatli choralarni izlashga majbur qilmoqda. Mutaxassislar buni asosan inson faoliyati natijasida yuzaga kelgan iqlim o'zgarishi deb baholamoqda.
Source: www.aljazeera.com