Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSh rejimida navbatdagi siyosiy mojaro avj oldi: Donald Tramp o‘zini targ‘ib qiluvchi teleko‘rsatuvlar va reklamalar uchun federal byudjetdan, ya’ni soliq to‘lovchilar hisobidan kamida 1,5 million dollar sarflagani oshkor bo‘ldi. Qonun chiqaruvchilar va axloq bo‘yicha ekspertlar ushbu holatni davlat mablag‘larini asossiz suiiste’mol qilish hamda siyosiy manfaatlarga moslashtirish sifatida qattiq qoralamoqda.

Rejim rahbari Donald Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida go‘yoki bunday xarajatlar «odatiy hol» ekanini da’vo qilib chiqdi. Biroq keng jamoatchilik va har ikki partiya vakillarining e’tirozlaridan so‘ng, u kelgusidagi roliklar xarajatlarini o‘zining «MAGA Inc.» siyosiy harakatlar qo‘mitasi orqali to‘lashini bildirishga majbur bo‘ldi. Iyul oyi oxiriga kelib 400 million dollardan ortiq mablag‘ to‘plagan ushbu jamg‘arma keyingi roliklarni moliyalashtirishi aytilmoqda.

Ekranga chiqarilgan roliklarda Tramp o‘zining munozarali siyosatini ko‘kka ko‘taradi, «globalistlar»ga qarshi «so‘nggi jang» haqida bong uradi va kommunizm xavfidan ogohlantiradi. Ushbu videolarning yakunida reklama go‘yoki AQSh rejimi tomonidan to‘langani ochiq ko‘rsatilgan. Tanqidchilar buni davlat targ‘iboti va partiyaviy faoliyatga qo‘yilgan federal cheklovlarning qo‘pol ravishda buzilishi deb hisoblamoqda.

Demokratik partiya vakillarining da’vo qilishicha, Vashingtondagi rejim ushbu reklamalarni moliyalashtirish uchun Ichki xavfsizlik vazirligidan 20 million dollargacha bo‘lgan mablag‘ni noqonuniy ravishda boshqa maqsadga yo‘naltirgan bo‘lishi mumkin. Shu bois mustaqil tekshiruvlar o‘tkazish talab qilinmoqda. Hozircha rejim rahbari avvalroq efirga uzatilgan roliklar uchun sarflab yuborilgan xalq pullari g‘aznaga qaytariladimi yoki yo‘qmi, bunga aniqlik kiritgani yo‘q.

Source: www.dw.com