Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Xitoy hukumati mamlakat bo'ylab misli ko'rilmagan miqyosdagi yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda davom etmoqda. Joriy tashabbuslar qatoriga beshta GESdan iborat ulkan kaskad, Yanszi daryosi ostidan o'tuvchi avtomobil tunneli, ikki qavatli 16 yo'lakli ko'prik va hatto sun'iy orolda barpo etilayotgan aeroport kabi murakkab obyektlar kiradi. Shuningdek, tog'larni kesib o'tuvchi temiryo'llar, yuzlab kilometrlik suv yo'llari va minglab kilometrga cho'zilgan elektr uzatish tarmoqlari ham qurilish jarayonida.

Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, Xitoyning temiryo'l tarmog'i umumiy uzunligi hozirda 165 ming kilometrdan oshib ketgan. Mamlakatda avtomobil yo'llari, yirik portlar, zamonaviy energetika va suv xo'jaligi inshootlarining ulkan tizimi shakllantirilgan. Yangi qurilish va kengaytirish ishlari ushbu tarmoqlarni o'zaro yanada yaqin bog'lash, shuningdek, mavjud infratuzilma obyektlaridagi o'tkazish quvvati yetishmovchiligini bartaraf etishga qaratilgan.

Xususan, Tibet avtonom rayonining Ningçi hududida Yarlung-Sangpo daryosining quyi oqimida gidroenergetika majmuasini barpo etish ishlari boshlangan bo'lib, u beshta kaskad gidroelektr stansiyasini o'z ichiga oladi. Mazkur loyihani rivojlantirish va ekspluatatsiya qilish maqsadida maxsus China Yajiang Group kompaniyasi tashkil etilgan. Daryoning murakkab geologik sharoiti va baland tog'li relyefi qurilish ishlarini jiddiy ravishda qiyinlashtirmoqda, bu esa qo'shni davlatlar, jumladan Hindiston va Bangladeshning ham xavotiriga sabab bo'lmoqda.

Bundan tashqari, Sichuan–Tibet temiryo'lining Yaan–Ningçi qismi texnik jihatdan o'ta murakkabligi bilan ajralib turadi. Taxminan 1018 kilometrlik yo'lning qariyb 841 kilometri 69 ta tunneldan, yana 112 kilometri esa 104 ta ko'prikdan iborat. Natijada, oddiy yer usti temiryo'l qismiga atigi 64 kilometr masofa to'g'ri kelib, ko'prik va tunnellar umumiy ulushining 93,7 foizni tashkil etishiga olib kelgan.

Source: kun.uz