Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-mart kuni bank tizimiga islomiy moliyalashtirishni joriy etish bo‘yicha tayyorlangan taqdimot bilan tanishdi. Davlat rahbari matbuot xizmati xabar berishicha, taqdimotda murobaha, muzoraba, vakala, salam va istisno, mushoraka kabi asosiy islomiy moliya instrumentlarini joriy qilish masalalari chuqur muhokama qilindi. Bu instrumentlar orqali tovarlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash, foyda taqsimoti asosida moliyalashtirish, vakillik shartnomalari va birgalikdagi faoliyat yo‘li bilan mijozlarni moliyalashtirish kabi operatsiyalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Rejalarga ko‘ra, 2026-yilga kelib kamida bitta tijorat bankida islomiy “darcha” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi, 2026–2030-yillarda esa to‘liq islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi ikkita bank tashkil etiladi. Hukumat hisob-kitoblariga asosan, ushbu sohadagi yangiliklar orqali 2026–2030-yillarda qo‘shimcha 1 milliard dollar miqdorida investitsiya va depozitlarni jalb qilish imkoniyati yaratilishi kutilmoqda. Bu esa mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli hissa qo‘shishi mumkin.

Tizimli boshqaruvni ta’minlash maqsadida Markaziy bank tarkibida Islom moliya kengashi tashkil etilishi, shuningdek, islom moliya xizmatlarini ko‘rsatuvchi banklar tarkibida alohida kengashlar yaratilishi belgilandi. Ushbu kengashlar standartlarni ishlab chiqish, qoidalarni shakllantirish, bahsli masalalar bo‘yicha tushuntirishlar berish, shartnomalar va ichki hujjatlarni ko‘rib chiqish hamda muvofiqlikni monitoring qilish vazifalarini bajaradi.

Markaziy bank raisi Timur Ishmetovning “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida, ushbu yo‘nalish bo‘yicha tegishli qonun qabul qilingandan so‘ng regulyator qonunosti hujjatlarini ishlab chiqish va islomiy moliyalashtirish infratuzilmasini shakllantirishga kirishilishi aytildi. Ishmetov: “Birinchi navbatda, Markaziy bankka kadrlar salohiyatini kuchaytirish – zarur hollarda, mutaxassislarni tegishli ta’lim muassasalarida o‘qitish va sertifikatlashni tashkil etish topshirildi, shunda islom moliyasi tamoyillari asosida ishlaydigan to‘laqonli banklar paydo bo‘lishi bilan regulyator bank tizimi barqarorligini ta’minlashga tayyor bo‘ladi” dedi.

Ishmetovning qo‘shimcha qilishicha, Markaziy bank hozirda islom moliyasi sohasidagi ikkita xalqaro tashkilotga buxgalteriya hisobi va audit hamda bank nazorati bo‘yicha to‘laqonli a’zo bo‘lgan. Qonun imzolangandan so‘ng, islomiy moliya mahsulotlarini ham ixtisoslashgan banklarda, ham an’anaviy banklardagi “islom darchalari” orqali ishga tushirish rejalashtirilgan. Uning ta’kidlashicha, “Buning uchun barcha qonunchilik cheklovlari allaqachon olib tashlangan”.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 10 dan ortiq bank bu yo‘nalishda ishlashga tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Ishmetov: “Qonun kuchga kirgandan so‘ng bank tizimida islomiy moliyalashtirish vositalaridan foydalanish bosqichma-bosqich kengaytirilishi kutilmoqda” deya ta’kidladi. Avvalroq Senat O‘zbekistonda islom bankini joriy etish to‘g‘risidagi qonunni ma’qullagandi, u islomiy bank faoliyatini litsenziyalashni nazarda tutadi, islomiy operatsiyalar ro‘yxatini kiritadi va ularni soliqqa tortish xususiyatlarini aniqlashtiradi.

Source: www.gazeta.uz