O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi 29-aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Regulyatorga ko‘ra, umumiy inflyatsiya pasayishda davom etib, yil yakuniga 6,5 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda. Shu bilan birga, narxlarning barqarorlashuv jarayonlari sustlashib, bunga ta’sir ko‘rsatuvchi tashqi omillarning kuchayishi kuzatilmoqda.
MB boshqaruvi iqtisodiy faollikning ortishi, yuqori yalpi talab va tashqi iqtisodiy muhitdagi noaniqliklar fonida inflyatsiyani 5 foizlik target darajasiga barqaror pasaytirish maqsadida qat’iy pul-kredit sharoitlarini davom ettirishni lozim topdi.
Mart oyida umumiy inflyatsiya yillik 7,1 foizgacha pasaydi. Ushbu pasayish, asosan, ayrim tovarlar bo‘yicha o‘tgan yilgi yuqori baza ta’sirlari chiqib ketishi hisobiga shakllandi. Bazaviy inflyatsiya 5,7 foizni tashkil etdi.
Iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalar ham pasayishda davom etayotganiga qaramay, inflyatsiyaning prognoz ko‘rsatkichlaridan yuqori darajada shakllanmoqda. So‘nggi oylarda inflyatsiya pasayishining sekinlashishi hamda joriy tendensiyalar iqtisodiyotda ma’lum bir inflyatsion bosimlar saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi. Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2026-yil yakunlari bo‘yicha umumiy inflyatsiya 6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.
Ikkinchi chorakda iqtisodiy faollik kuchayib, YAIM real hisobda 8,7 foizga o‘sdi. Bunda xizmatlar, qurilish, savdo sohalari faollashuvi iqtisodiyotda yalpi talab omillari ustuvorligini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, jalb etilayotgan investitsiyalar hajmining barqaror oshib borayotgani kelgusi choraklarda ham iqtisodiy o‘sish omillarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Mazkur omillarni inobatga olib, 2026-yil uchun iqtisodiy o‘sish bo‘yicha prognozlar 7−7,5 foizgacha oshirildi.
MBning qayd etishicha, geosiyosiy ziddiyatlarning kuchayishi fonida jahon bozorida neft va oziq-ovqat narxlarining oshishi bo‘yicha xatarlar ortyapti. Bu, shuningdek, logistika va tashish xarajatlarining ortishi bilan kelgusida import narxlari orqali ichki inflyatsiyaga qo‘shimcha bosim yaratishi mumkin.
Qolaversa, asosiy savdo hamkor davlatlar valyutalarining mustahkamlanayotgani, oltin narxining yuqori darajada saqlanib qolayotgani, eksport tushumlari va pul o‘tkazmalarining barqaror o‘sishi ichki valyuta bozoridagi taklifni qo‘llab-quvvatlayapti.
Iqtisodiyotda ijobiy foiz stavkalar aholining jamg‘arishga bo‘lgan moyilligini qo‘llab-quvvatlashga va kreditlash sur’atlarining mo‘tadillashuviga xizmat qiladi.
“Yuqoridagi omillarni inobatga olgan holda, joriy pul-kredit sharoitlari saqlab qolinishi inflyatsiyani target darajasigacha barqaror pasaytirish va inflyatsion kutilmalarni jilovlash imkonini beradi”, — deyiladi MB sharhida.
Regulyator inflyatsiya dinamikasi, inflyatsion kutilmalar, yalpi talab va tashqi xatarlarni diqqat bilan kuzatib borishini eslatib o‘tdi. Umumiy inflyatsiyaga oshiruvchi omillar kuchayishi va inflyatsion kutilmalarning o‘sishi natijasida inflyatsiya target darajasiga erishishning kechikish xatari yuzaga kelgan taqdirda pul-kredit sharoitlarining yetarli darajada qat’iyligi ta’minlanadi, deydi MB.
MBning pul-kredit siyosati inflyatsiyani 5 foizlik maqsadli darajagacha pasaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va aholining xarid qobiliyatini saqlashga qaratilgan bo‘lib qoladi.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2026-yil 17-iyun kuniga belgilangan.
Yaqinda O‘zbekiston MB raisi Temur Ishmetov kredit siyosatining qat’iylik darajasi yetarlicha yuqori, asosiy stavkani oshirish haqida gapirishga esa hali erta ekanini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, regulyator uchun “hozir asosiy masala inflyatsiyadan ko‘ra, valyuta almashuv kursining erkinligini saqlab turish”.
Markaziy bank asosiy stavkasi — pul-kredit siyosatining asosiy instrumentlaridan biri hisoblanadi. Banklararo pul bozoridagi foiz stavkalari, shuningdek, Markaziy bank tomonidan bank tizimiga likvidlikni taqdim etish bevosita asosiy stavkaga bog‘liq.
Shunday qilib, asosiy stavka iqtisodiyotdagi foiz stavkalari darajasiga, shuningdek, aholi va biznesning iste’mol va investitsion (sarmoya kiritish) qarorlariga ta’sir ko‘rsatgan holda ichki talab va inflyatsiya darajasi o‘zgarishida ahamiyat kasb etadi.
O‘z navbatida, tijorat banklari asosiy stavkaning trayektoriyasini kuzatib, pul bozoridagi likvidlik yaqin kelajakda arzon yoki qimmatlashishini tushunadi. Tabiiyki, bu esa, banklarni o‘z mahsulotlari va xizmatlari narxlarini o‘zgartirishga undaydi (masalan, aholi va tadbirkorlardan jalb etiladigan omonatlar va ularga ajratiladigan kreditlar bilan bog‘liq xarajatlar).
Agar iqtisodiyotda inflyatsiya darajasining o‘sish sur’ati jiddiy tezlashsa va Markaziy bank asosiy stavkani ko‘tarsa, ushbu holat banklar tomonidan depozit va kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarini oshirish ehtimolini yuzaga keltiradi. Bu esa, banklararo (joriy likvidlikni ta’minlash maqsadida banklar bir-birlariga pul mablag‘larini ma’lum bir foiz evaziga taqdim etadigan bozor) va umuman olganda pul bozorida mablag‘larni jalb etish bilan bog‘liq xarajatlarning oshishiga olib keladi.
Inflyatsiya darajasi hamda asosiy stavkaning pasayishi banklararo pul bozorida pul mablag‘larini jalb etish arzonlashishiga, bu esa yuqori bo‘lmagan foiz stavkalarida kreditlar ajratish orqali aholi va tadbirkorlar uchun moliyaviy manbalarning maqbullashishiga sabab bo‘ladi.
Foiz stavkalarining pasayishi bank bozoridagi raqobatga ham juda bog‘liq.
Source: www.gazeta.uz