Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev 12-may kuni Toshkentda O‘zbekiston energetika haftaligi — 2026 (UEW 2026) ochilishida so‘zga chiqib, energetika sohasi mamlakat transformatsiyasining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda sohaga qariyb 35 mlrd dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb qilingan, 9 GVt yangi generatsiya quvvatlari ishga tushirilgan. Elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 60 mlrd kVt/soatdan 85 mlrd kVt/soatgacha oshgan, umumiy o‘rnatilgan quvvat esa 26 GVtga yetgan.
Xodjayev energetika “raqobatbardoshlikni shakllantirishi, infratuzilmani mustahkamlashi va hududlarni bog‘lashi” hamda “milliy barqarorlik va uzoq muddatli xavfsizlikning asosiy tayanchlaridan biri” ekanini ta’kidladi. “Ko‘p yillar davomida O‘zbekistonda energetika asosan cheklov sifatida qabul qilinar edi. Bugun biz energetika O‘zbekistonning eng kuchli ustunliklaridan biriga aylanishini xohlaymiz”, dedi u.
“Yashil” energetika alohida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Quyosh va shamol energetikasi quvvati 5,5 GVtdan oshgan, gidroenergetika bilan birga toza energiyaning umumiy energobalansdagi ulushi qariyb 30 foizga yetgan. “Biz endi energetik transformatsiya haqida shunchaki o‘ylamayapmiz — biz uni barpo etyapmiz”, dedi Xodjayev.
Shu bilan birga, faqat yangi generatsiya quvvatlari yetarli emasligi qayd etildi. Zamonaviy energotizim “ishonchli, moslashuvchan va yaxshi rejalashtirilgan” bo‘lishi, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini integratsiya qila olishi, sanoat va aholini uzilishlarsiz ta’minlashi kerak. “Biz faqat elektr stansiyalari qurmayapmiz — ular atrofida to‘liq energetik ekotizim yaratyapmiz”, dedi u.
Mamlakatda 69 ming kmdan ortiq elektr tarmoqlari va 14 mingta nimstansiya yangilangan va modernizatsiya qilingan. Mahalliylashtirish yo‘nalishida energetika sektori uchun mahalliy tovar, xizmat va yetkazib berishlar hajmi 700 mln dollardan oshgan, uni 1,3 mlrd dollardan ortiqqa yetkazish salohiyati mavjud. “Bizning maqsadimiz texnologiyalarni shunchaki import qilish emas, balki mahalliy injiniring, ishlab chiqarish va xizmatlarni rivojlantirish”, dedi Xodjayev.
Xorijiy investorlar bilan hamkorlikda ACWA Power, Masdar, American Power, EDF, China Energy Engineering Corporation kabi kompaniyalar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonning energetik transformatsiyasi mintaqaviy ahamiyat kasb etib, mamlakat Markaziy Osiyodagi asosiy energetika xablaridan biriga aylanmoqda. Yevropaga “yashil koridor” loyihasi doirasida Ozarbayjon va Qozog‘iston bilan hamkorlik qayd etildi.
Xodjayev oldinda turgan chaqiriqlarni ham sanab o‘tdi: elektr energiyasiga talab o‘sishi, qayta tiklanuvchi energetika uchun kuchli tarmoqlar, energiya saqlash yechimlari, balanslash quvvatlari va zamonaviy dispetcherlik tizimlari zarur. Energiya samaradorligi milliy odatga aylanishi kerak. “Birinchi bosqich sektorni ochish va yirik loyihalarni boshlash bilan bog‘liq edi. Keyingi bosqich esa sifat, samaradorlik, barqarorlik, texnologik chuqurlik va mintaqaviy integratsiyaga bag‘ishlanishi kerak”, dedi u.
Source: www.gazeta.uz