O‘zbekistonda elektron savdo platformalari orqali tovarlarni realizatsiya qiluvchi chet el yuridik shaxslarini QQS to‘lovchi sifatida belgilash rejalashtirilmoqda. Bu haqdagi qonun 18-may kuni Oliy Majlis Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisida ma’qullandi.
Hujjat bilan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga elektron tijorat sohasini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan Soliq kodeksiga va “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qonunning asosiy maqsadi, transchegaraviy elektron tijoratda soliq tushumlari yo‘qotilishining oldini olish, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) ma’murchiligini takomillashtirish hamda mahalliy va xorijiy sotuvchilarga teng raqobat muhitini yaratishga qaratilgan.
Qayd etilishicha, so‘nggi 8 yilda O‘zbekistonda elektron tijorat hajmi 20 barobarga (1,3 mlrd dollar) o‘sib, elektron tijorat platformalari 90 tadan ortgan.
Soliq kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq, elektron savdo platformalari orqali respublikaga tovarlarni realizatsiya qiluvchi chet el yuridik shaxslarini QQS to‘lovchisi sifatida e’tirof etish belgilanmoqda.
Qayd etilishicha, xalqaro kurerlik jo‘natmalari orqali 2024-yilda 167,5 mln dollarlik tovarlar import qilingan bo‘lib, 400 ming jismoniy shaxs jami 3 mln 294 ming 200 ta buyurtmani amalga oshirgan. Shundan 1994 nafari qariyb 2 mln dollarlik 100 dan ortiq buyurtmaga ega bo‘lgan.
Yalpi majlisda Wildberries O‘zbekistonda “WB INT EXPORT” MCHJ tashkil etib, faoliyat yuritayotgani va Tashkilot tomonidan 2022 — 2024-yillar uchun jami 51,2 mlrd so‘m (shundan 42,8 mlrd QQS) soliq to‘langani ma’lum qilindi.
Shuningdek, “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonunga raqamlashtirish va elektron savdo tizimini takomillashtirish bilan bog‘liq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Jumladan, “elektron savdo platformasi”, “buyurtmalar agregatori operatori”, “buyurtmalar agregatori”, “raqamli striming xizmati”, “raqamli striming xizmati operatori” va “transchegaraviy elektron tijorat” kabi yangi tushunchalar kiritilmoqda.
Elektron savdo platforma operatoriga nisbatan ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirish, shaxsiy ma’lumotlar maxfiyligini ta’minlash, to‘lovlarni amalga oshirishda axborot va kiberxavfsizlik talablariga rioya etilishini ta’minlash va boshqa shu kabi majburiyatlar hamda javobgarlik ham belgilanmoqda.
Shuningdek, transchegaraviy elektron tijoratning hamda to‘lovlarni qilishning o‘ziga xos xususiyatlarini belgilash joriy etilmoqda. Bunda, elektron tijorat ishtirokchilari hisob-kitoblarni faqat alohida bank hisobvaraqlari orqali amalga oshiradi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Source: www.gazeta.uz