️ Andijon viloyati Marhamat tumanida tibbiyot birlashmasining to‘rt nafar texnik xodimi baxtsiz hodisa oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
️ Hodisa 10-iyun kuni soat 11:00 atrofida tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli markaziy poliklinika hududida sodir bo‘lgan. Viloyat prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, birlashma qorovullari L.Q. va Q.M., haydovchi I.N. hamda elektr muhandisi M.M. oqova va chiqindi suvlar to‘planadigan bunkerni tozalash va ta’mirlash maqsadida uning ichiga tushgan.
️ Ular bunker ichida zaharlanib, suyuq axlat ichiga tushib ketgan va voqea joyida vafot etgan. Tezkor qutqaruv harakatlari davomida fuqarolarning murdalari bunker ichidan chiqarilib, o‘lim sabablari va boshqa holatlarni aniqlash maqsadida sud-tibbiy va boshqa zarur ekspertizalar tayinlangan.
️ Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur holat texnika xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmaganligi natijasida sodir bo‘lgan. Holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
️ Tergov nazoratga olingan bo‘lib, yakuniga ko‘ra aybdor shaxslarning ayblilik masalasi hal etilishi bilan bir qatorda, qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi, deyiladi Andijon viloyati prokuraturasi bayonotida.
Source: www.gazeta.uz