O‘zbekistonda keng ko‘lamli qurilish islohotlari natijasida urbanizatsiya darajasi 51 foizga yetgan bo‘lsa-da, shahar makonini tashkil etishda bir qator tizimli muammolar saqlanib qolmoqda. Bu haqda 18 iyun kuni Tanzila Norboyeva raisligida bo‘lib o‘tgan Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar ijrosini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi yig‘ilishida qayd etildi.
Komissiya a’zolari eng dolzarb vazifalar sifatida shaharsozlik hujjatlarini to‘liq ishlab chiqishni tezlashtirish va xavfsiz, inklyuziv shahar muhitini shakllantirish zarurligini belgiladilar. Yig‘ilishda piyodalar va velosiped infratuzilmasini rivojlantirish, yo‘l harakatini tashkil etishning zamonaviy yondashuvlarini keng joriy etish, shuningdek, sanoat o‘sishi va ekologik barqarorlik o‘rtasida qat’iy muvozanatni ta’minlash muhimligi alohida ta’kidlandi.
Shaharlarning hozirgi holati tahlili qurilish islohotlari natijalarini ko‘rib chiqish jarayonida amalga oshirildi. Qayd etilishicha, erishilgan urbanizatsiya ko‘rsatkichi biznes uchun tartib-taomillarni optimallashtirish – xususan, qurilishga ruxsatnoma berish bosqichlarini uch baravar, muddatlarni esa to‘rt baravar qisqartirish natijasidir. Normativ-huquqiy bazani modernizatsiya qilish va 420 ta shaharsozlik qoidalarini qayta ko‘rib chiqish 10 mingga yaqin yangi korxona ochilishiga turtki berdi, yillik uy-joy foydalanishga topshirish hajmi esa 10 barobar o‘sib, 2025 yil yakunlariga ko‘ra 238 ming xonadonga yetdi.
Hududiy kesimda shahar muhitining o‘zgarish dinamikasi Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlari misolida ko‘rib chiqildi. Doimiy aholi sonining o‘sishi (Namangan viloyatida 11,4 foizgacha) fonida bu yerda uy-joy qurilishi hajmi to‘rt yil ichida 2,5 barobar oshdi. Natijada Namangan viloyatida urbanizatsiya darajasi 64,9 foizni, Farg‘onada – 56,7 foizni, Andijonda – 52,2 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, turar-joy massivlarining o‘sishi ekologik loyihalar bilan uyg‘unlashtirilgan: uchta mintaqada 305 MVt dan ortiq quyosh panellari quvvati o‘rnatilgan va 83 ta yashil jamoat bog‘lari yaratilgan.
Muhokama yakunlari bo‘yicha Parlament komissiyasi tegishli qaror qabul qildi va aniq tadbirlarni o‘z ichiga olgan “yo‘l xaritasi”ni tasdiqladi. Tizimli kamchiliklarni bartaraf etish va inklyuziv shahar muhitini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalarning bajarilishini ta’minlash profil vazirlik va idoralar zimmasiga yuklatildi.
Source: podrobno.uz