Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan mamlakatimiz hududiga giyohvandlik vositalarining noqonuniy olib kirilishiga qarshi kurashish doirasida navbatdagi muvaffaqiyatli amaliyot amalga oshirildi. Surxondaryo viloyatidagi “Ayritom” chegara bojxona posti orqali qo‘shni Afg‘onistondan kirib kelgan yirik miqdordagi narkotik yukining oldi olindi.

Xususan, tekshiruv davomida Termiz tumanida istiqomat qiluvchi, 1985-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi Mercedes-Benz rusumli yuk avtomashinasi belgilangan tartibda chuqurlashtirilgan ko‘rikdan o‘tkazildi. Transport vositasining tirkama qismi ostiga mahorat bilan yashirilgan kontrabanda mahsulotlari maxsus uskunalar yordamida fosh etildi.

Olib borilgan taftish natijasida mazkur yuk mashinasida jami 98 dona o‘ramda 39 kilogramm 86 gramm “gashish” hamda 9 kilogramm 498 gramm “opiy” borligi aniqlandi. Narkosavdogarlar mazkur taqiqlangan moddalarni fosh etilmasligi uchun ularni polietilen paketlarga solib, so‘ngra folga qog‘ozi bilan o‘rab, skotch yordamida puxta mahkamlagani ma'lum bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda ushbu xavfli kontrabandaning ortida turgan asosiy buyurtmachilarni hamda jinoiy aloqalarni aniqlash bo‘yicha tezkor-tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Source: www.gazeta.uz