Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtning Sergeli tumanidagi O‘zgarish mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari va yer usti metro yo‘nalishi ostida tashkil etilgan savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyati bilan tanishdi.

O‘zgarish mahallasida 45 ta ko‘p qavatli uy, 1 ming 620 ta xonadon mavjud bo‘lib, ularda 6 ming 700 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. So‘nggi yillarda mahallada 10 ta bolalar maydonchasi, mini-futbol maydoni va 2 ta salomatlik hududi barpo etildi.

Davlat rahbari mahallada tashkil etilgan kogeneratsiya markazi faoliyati bilan tanishdi. Ushbu markaz kuz-qish mavsumida mahallaning issiqlik va elektr energiyasi ta’minoti barqarorligiga xizmat qiladi. Kogeneratsiya texnologiyasi orqali tabiiy gazdan avval elektr energiyasi olinadi, so‘ng ajralgan issiqlik suv va xonadonlarni isitishga yo‘naltiriladi.

Loyihaning umumiy qiymati 5,8 million dollarni tashkil etadi. Bu yerga Germaniyada ishlab chiqarilgan zamonaviy gaz-porshenli qurilmalar va qozonlar o‘rnatilgan. Markaz yiliga 18,4 million kilovatt-soat elektr energiyasi va 80 ming gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqarish imkoniga ega.

Loyiha doirasida 2 kilometr uzunlikdagi yuqori kuchlanishli elektr liniyasi qurilib, umumiy tarmoqqa ulandi. Natijada tuman markaziy elektr tarmog‘idagi yuklama 3 foizga kamaydi. Markaz ishga tushishi bilan 10 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.

Mahallaning umumiy infratuzilmasi ham yangilandi: 1,4 kilometr piyodalar yo‘laklari barpo etildi, 12 ta ko‘p qavatli uyning fasad qismi ta’mirlandi, ichki yo‘llarga asfalt yotqizildi. Hududni ko‘kalamzorlashtirish maqsadida 2 ming 720 tup manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekildi.

Prezident “mahalla yettiligi” va hudud faollari bilan suhbatlashdi. Ushbu o‘zgarishlar aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish, mahallani obod va xavfsiz maskanga aylantirishga qaratilgan ishlar natijasi ekani ta’kidlandi.

“Keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarimiz aynan mana shu Sergeli tumanidan boshlangan edi. O‘z vaqtida bu hududga zamonaviy metro liniyasini olib kelish tashabbusini ilgari surganimizda, ushbu yirik loyihaning istiqboliga shubha bilan qaraganlar ham bo‘lgani sir emas. Biroq bugun mana shunday ko‘rkam va obod maskanlarni, eng muhimi, siz kabi aziz yurtdoshlarimizning mamnun chehralarini ko‘rib, tanlagan yo‘limiz qanchalik to‘g‘ri bo‘lganiga yana bir bor ishonch hosil qilamiz”, — dedi prezident.

Davlat rahbari yer usti metro yo‘nalishi ostida tashkil etilgan savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyati bilan ham tanishdi. 5,7 gektar maydonda 137 ta tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, 250 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Metro ostida 4 kilometr piyodalar va velosiped yo‘lagi, 2 ta bolalar maydonchasi va sport zonalari tashkil qilindi.

Source: www.gazeta.uz