O‘tgan iyun oyida Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani hokimi fermerlarga “planni yopmasang, tiqib yuboraman” deb tahdid qilgani uchun intizomiy jazoga tortilgan edi. Shu oyda Farg‘onaning Quva tumani hokimiga tegishli ekani aytilgan, fermerni haqoratlab, yerni majburan topshirishga ko‘rsatma berilgan audio ham tarqaldi.
Fermerlarga nisbatan haqorat, bosim va tahdidlar bo‘lgani haqidagi xabarlar yana bir eski savolni kun tartibiga olib chiqmoqda: nega qonunda mustaqil tadbirkor deb ko‘rsatilgan fermer amalda tuman hokimi oldida bunchalik ojiz? Muammo qayerda? Gap faqat ayrim hokimlarning muomala madaniyatida yoki shaxsiy xarakteridami?
Huquqshunos, Toshkent davlat yuridik universiteti Biznes huquqi va sud himoyasi tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi Ibrohim Said Gazeta uchun yozgan kolonkasida bu savollarga javob beradi. Uning fikricha, masalani hokimning tarbiyasi bilan bog‘lab, sodda tarzda javob berish noto‘g‘ri. Chunki muammoning ildiziga chuqurroq nazar tashlanadigan bo‘lsa, fermerga nisbatan bunday munosabat qishloq xo‘jaligi sohasida shakllangan tizimli byurokratik boshqaruv amaliyoti bilan bog‘liq.
O‘zbekistonda fermerning huquqiy maqomi bilan uning real ijtimoiy-iqtisodiy holati o‘rtasida katta tafovut bor. “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasida fermer qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtiruvchi tadbirkorlik subyekti sifatida ta’riflanadi. Biroq amaliyotda bu mustaqillik ko‘pincha qog‘ozda qolib ketmoqda. Chunki fermer yerning haqiqiy egasi emas, faqat undan foydalanuvchi ijarachidir. U suv taqsimotini mustaqil nazorat qilmaydi. Texnika, urug‘lik, o‘g‘it, kredit, yonilg‘i, hosilni topshirish tizimi va ekiladigan ekin turi bo‘yicha ham mahalliy boshqaruv tuzilmalariga bog‘liq holda harakat qiladi.
Paxta va g‘alla O‘zbekistonda faqat qishloq xo‘jaligi mahsuloti emas, balki yer, suv, kredit, mehnat, davlat rejasi, hokimiyat va huquqiy tartibni bir-biriga bog‘lab turuvchi tizimdir. Italiyalik sotsiolog olim Tommaso Trevisani o‘zining “Land and Power in Khorazm” asarida O‘zbekistonda paxta ishlab chiqarishni hokimiyat va ijtimoiy munosabatlar bilan bog‘liq murakkab tizim sifatida tahlil qiladi. Har yili aynan paxta yoki g‘allani yig‘ish mavsumida hokim fermerni uradi-so‘kadi, unga yerini olib qo‘yish, qarzini molu-joni bilan to‘latish tahdidini qiladi. Ichki ishlar va prokuratura, hatto sud ham hokimning ushbu tahdidini dastaklaydi.
Mustaqillikdan keyingi agrar islohotlar sovet davridagi eski kolxoz va sovxozlar tizimini tugatgan bo‘lsa-da, biroq uning ichki buyruqbozlik mexanizmini to‘liq yo‘qota olmadi. Ilgari kolxoz raisi davlat rejasi bilan qishloq aholisi o‘rtasida vositachi bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik bu vazifa ko‘proq fermer va tuman hokimligi o‘rtasida taqsimlandi. Natijada g‘alati tizim yuzaga keldi: ishlab chiqarish xavfi fermerning yelkasiga tushdi, lekin boshqaruv va nazorat vakolati mahalliy hokimiyatda qoldi.
O‘zbekistonda agrar islohotlar to‘liq bozor munosabatlariga asoslangan “ijtimoiy kapital” modeli bo‘yicha emas, ko‘proq “byurokratik kapital” modeli asosida shakllangan. Byurokratik kapital modelida ilg‘or fermer bo‘lish uchun faqat tajriba va bilim yetarli emas. Fermerning mahalliy hokimiyat bilan munosabati, yer ajratish jarayoniga yaqinligi, suv, kredit, texnika, o‘g‘it va boshqa resurslarga “tanish-bilishchilik” yoki ma’muriy yaqinlik orqali kirish imkoniyati hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Ozarbayjon va Qirg‘iziston tajribasi “davlat nazorati kamaygan joyda qishloq xo‘jaligi albatta izdan chiqib ketadi” degan qarashning bahsli ekanini ko‘rsatadi. Bu davlatlarda yerga xususiy egalik tan olinib, dehqon xo‘jaliklari qishloq xo‘jaligining asosiy ishlab chiqaruvchi subyektlariga aylantirilgan. Davlatning bevosita buyruqboz nazorati kamaygani sharoitida oilaviy xo‘jaliklar, mahalliy kelishuvlar va bozor mexanizmlari ishlab chiqarishni tashkil etishda muhim rol o‘ynagan.
Shu bilan birga, Yevropa davlatlaridagi “ijtimoiy kapital” modelini ham O‘zbekistonga ko‘r-ko‘rona ko‘chirib bo‘lmaydi. Har bir mamlakatning o‘z tarixiy tajribasi, yerga munosabati, qishloqdagi ijtimoiy tuzilmasi, oila va mahalla institutlari, davlat bilan fermer o‘rtasidagi shakllangan aloqalari mavjud. Demak, agrar islohotlar ham aynan shu mavjud ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni hisobga olgan holda qurilishi kerak.
Bugungi muammolar shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan ayrim islohotlar real ijtimoiy munosabatlar bilan yetarlicha uyg‘unlashmagan. Qonunda fermer mustaqil tadbirkor sifatida e’tirof etilsa-da, amalda esa u yer, suv, kredit, texnika, mahsulot topshirish va ekin tanlash masalalarida mahalliy byurokratik tizimga kuchli bog‘langan holda qolmoqda. Oqibatda davlatning agrar sohadagi nazorati ko‘p hollarda fermerni qo‘llab-quvvatlovchi mexanizm sifatida emas, uni doimiy bosim ostida ushlab turuvchi boshqaruv usuli sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Shuning uchun ham, Muzrabot va Quvadagi holatlar tasodifiy emas. Ular agrar boshqaruvdagi eski muammoning ko‘rinishidir. Agar fermer haqiqatan ham mustaqil tadbirkor bo‘lsa, u bilan hokim buyruq-ohangida emas, shartnoma, iqtisodiy rag‘bat va qonun asosida gaplashishi kerak. Agar fermer rejani bajarmasa, muammo sud, shartnoma, sug‘urta va bozor mexanizmlari orqali hal qilinishi kerak. Haqorat, tahdid va yerini olib qo‘yish bilan emas.
Source: www.gazeta.uz