Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Xalqaro energetika agentligining (XEA) jahon gaz bozori bo'yicha choraklik obzorida Rossiyaning O'zbekistonga quvur orqali yetkazib beradigan gazi hajmi 2026-yilda 40 foizdan ko'proqqa – 7 milliarddan 10 milliard kub metrdan ziyodgacha oshishi mumkinligi ta'kidlangan.

Rossiya “Markaziy Osiyo – Markaz” magistral gaz quvurlari tizimi orqali Qozog'iston hududidan o'tgan holda O'zbekistonga eksportni oshirishda davom etmoqda. Milliy statistika qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra, 2025-yilda Rossiya va Turkmanistondan import qilingan gaz qiymati 1,2 foizga kamayib, 1,66 milliard dollarni tashkil etgan. Shu bilan birga, Rossiya gazi yetkazib berishning jismoniy hajmi 14,9 foizga – 5,64 milliarddan 6,48 milliard kub metrgacha oshgan.

Importning o'sishi mamlakatning o'z ichki qazib olish hajmi kamayishda davom etayotgan bir paytda yuz bermoqda. XEA ma'lumotlariga ko'ra, yanvar-may oylarida O'zbekistonda tabiiy gaz ishlab chiqarish o'tgan yilning shu davriga nisbatan 14 foizga yoki 2,6 milliard kub metrga qisqargan. Agentlik bu pasayishni amaldagi konlarning avvalgi qazib olish hajmlarini saqlab qolish imkoniyatlari yomonlashgani bilan izohlamoqda.

Taqqoslash uchun, Turkmanistonda ushbu davrda gaz ishlab chiqarish deyarli o'zgarishsiz qolgan. Qozog'istonda esa tovar gazini qazib olish, XEA baholashicha, taxminan 8 foizga yoki 1 milliard kub metrdan ko'proqqa kamaygan.

Umuman olganda, Yevroosiyoda gaz qazib olish birinchi yarimyillikda, 2025-yil yakunlariga ko'ra 3 foizli pasayishdan so'ng, qayta tiklana boshladi. Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, u asosan Rossiya hisobiga qariyb 2,5 foizga o'sgan. XEA 2026-yil yakunlari bo'yicha mintaqada ishlab chiqarish hajmi 2 foizga oshishini kutmoqda.

Yevroosiyoda (Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va O'zbekiston) gazga bo'lgan talab qariyb 3 foizga oshishi mumkin. Yil boshidagi qish oylarining sovuqroq kelgani bunga sabablardan biri bo'ldi. Shu bilan birga, mintaqadagi qazib olish hajmi hali ham 2021-yilgi darajadan 9 foizga pastligicha qolmoqda.

Jahon bozorida XEA tabiiy gazga bo'lgan talabning taxminan 0,5 foizga yoki 20 milliard kub metrga qisqarishini prognoz qilmoqda. Bu joriy o'nyillikda 2020 va 2022-yillardan keyingi uchinchi yillik pasayish bo'ladi. Bunga asosiy sabablardan biri sifatida Yaqin Sharqdagi mojaro hamda inqirozga qadar jahon suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib berish hajmining qariyb 20 foizi to'g'ri kelgan Hurmuz bo'g'ozi orqali gaz tashishning cheklangani ko'rsatilmoqda. Taqchillik sababli ikkinchi chorakda Yevropada gaz narxi yillik hisobda 32 foizga, Osiyoda esa bunday gazning spot narxlari 45 foizga oshgan.

Gazeta avvalroq yanvar-may oylarida O'zbekiston 724,7 million dollarlik tabiiy gaz import qilgani haqida yozgan edi – bu o'tgan yilning shu davriga nisbatan 84,1 foizga ko'p demakdir. Shu bilan birga, yangilangan statistikada 2025-yilning besh oyidagi ko'rsatkich o'tgan yilgi hisobotdagidan 108,1 million dollarga yuqori bo'lib chiqdi. Gaz eksporti esa qariyb uchdan bir qismga qisqardi.

Source: www.gazeta.uz