Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov 14-avgust kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro anjuman doirasida bergan intervyusida 2026-yilda oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan bitiruvchilarning 70 foizi ish bilan ta’minlangani, yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 100 foizga yetkazish rejalashtirilganini ma’lum qildi.

Vazirning ta’kidlashicha, hozirgi kunda mavjud universitetlarning sig‘imi mehnat bozoridagi barcha ehtiyojlarni qoplash uchun yetarli. Shu sababli yangi oliy ta’lim muassasalarini ochishga hozircha ehtiyoj yo‘q. “Universitetlar sonini nomiga oshirib beraverish kerak emas. Hozir 56,7 balldan yuqori natija olganlarning barchasi oliy ta’limga kiryapti. Bu — 256 mingdan ortiq yosh degani. 56,7 balldan past natija olganlarni ham mavjud universitetlarimiz quvvati qabul qilib, o‘qita oladi. Bugun yangi universitet ochishga ehtiyoj yo‘q deb hisoblayman. Chunki u sifatsiz ta’lim beradigan universitetga aylanib qolishi mumkin”, dedi u.

Sharipov butun dunyoda, jumladan O‘zbekistonda ham o‘rta bo‘g‘in mutaxassislariga talab yuqori ekanini ta’kidlab, texnikumlarni xalqaro darajaga olib chiqish ishlari olib borilayotganini aytdi. “Ilgari texnikum deganda odamlar boshqacha qarardi. Bugungi kunda texnikumlar xalqaro darajaga olib chiqilmoqda. Bu yil O‘zbekistonda 100 ta texnikum shunday darajaga chiqariladi. Ularni bitirgan yoshlar nafaqat O‘zbekistonda, balki 70 dan ortiq davlatda diplomi asosida ishlashi mumkin. Haydovchilar, payvandchilarga xalqaro bozorda kamida 1500 dollar maosh taklif qilinmoqda. Santexniklar va elektriklarga ham juda yuqori maosh berilyapti”, dedi vazir.

Oliy ta’lim vaziri oliy ta’limga kira olmagan yoshlarga kasbiy ta’limni tanlashni tavsiya qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yil abituriyentlarga beshta OTMni tanlash imkoniyati berilgan, yana bitta qo‘shimcha tanlov bo‘lishi kutilmoqda. Natijada oltita oliy ta’lim muassasasi va oltita yo‘nalish bo‘yicha tanlov qilish imkoniyati yaratiladi. “Shulardan keyin ham kira olmagan yoshlarimizga kasbiy ta’limni tanlashni tavsiya qilaman. Bu bir umr santexnik yoki boshqa kasb egasi bo‘lib qolasan degani emas. Ikki-uch yildan keyin oliy ta’limda o‘qimoqchi bo‘lsa, suhbat asosida o‘qishga kirib, ikkinchi kursdan ta’lim olishni davom ettirishi mumkin”, dedi u.

Suhbat davomida vazir davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari uchun talablar bir xil ekanini ta’kidladi. Qabul kvotalari universitetlarning quvvati, professor-o‘qituvchilar salohiyati va mehnat bozori ehtiyojidan kelib chiqib belgilanmoqda. “Biz xususiy va davlat universitetlarini bir xil deb qaraymiz. Hozir farq yo‘q. Nodavlat universitetlarga ham talab kuchaytirilgan. Kvotalar ularning quvvatidan kelib chiqib shakllantirilmoqda”, dedi u.

Sharipovning qo‘shimcha qilishicha, har bir talaba uchun o‘rtacha 7 kvadrat metr maydon hisoblanadi. Qabul qilinadigan talabalar soni, birinchi navbatda, universitetning quvvatiga, ikkinchidan, professor-o‘qituvchilarning salohiyatiga qarab belgilanadi. Uchinchidan, yo‘nalishlar kesimida Iqtisodiyot vazirligi bilan hamkorlikda bozorbop kadrlar tayyorlash bo‘yicha kvotalar shakllantirilmoqda.

Vazir bu yildan boshlab bitiruvchilarni kafolatli ish bilan ta’minlash masalasi qabul jarayonidayoq hisobga olinayotganini aytdi. “Avval bu tizim yo‘q edi. Bu yildan boshlab bitiruvchilarimizni ertaga kafolatli ish bilan ta’minlashni hozirdan o‘ylashimiz kerak. Shu nuqtai nazardan nodavlat oliy ta’lim muassasalariga ham mehnat bozoriga zarur bo‘lgan yo‘nalishlarni sekin-asta beryapmiz”, deb ta’kidladi u.

Sharipov oliy ta’limda raqobatning asosiy mezoni bitiruvchilarning mehnat bozoridagi natijasi bo‘lishini aytdi. “Raqobat deganda har bir oliy ta’lim muassasasi mehnat bozoriga mos kadr tayyorlashi va o‘z bitiruvchisini keyinchalik kafolatli ish bilan ta’minlashi kerak. Bizning oldimizda turgan eng katta mezon — bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanishi. Universitet yaxshi o‘qityaptimi yoki yo‘qmi, bunga ertaga xalq va ish beruvchi baho beradi”, dedi u.

Bu yildan boshlab oliy ta’lim muassasalarining faoliyati bitiruvchilar bandligi indeksi orqali ham baholanadi. “Bitiruvchilar indeksi bo‘yicha ham tizim yaratildi. Bu yildan boshlab oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining ish bilan ta’minlanishi belgilangan foizdan past bo‘lsa, bu universitetlarni birlashtirish yoki yopish bo‘yicha takliflar kiritiladi”, deydi vazir.

Joriy yil bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yilgan. Jarayonda Bandlik vazirligi, Milliy bank, Aloqabank va hokimliklar hamkorlik qilmoqda. “Hozir respublika bo‘yicha bitiruvchilarning bandligi o‘rtacha 70 foizni tashkil etmoqda”, dedi u. Har bir bitiruvchining kelgusidagi faoliyati nazoratga olingan. O‘z biznesini boshlash istagidagi yoshlarga startaplar uchun moliyaviy imkoniyatlar yaratilmoqda, kasbini o‘zgartirish yoki qo‘shimcha ko‘nikmalarga ega bo‘lishni istaganlar uchun qayta tayyorlash va til kurslari tashkil etilmoqda.

“Agar talaba o‘z biznesini tashkil qila olaman desa, startap yo‘nalishida imkoniyatlar yaratib beryapmiz. Milliy bank yoki Aloqabank tomonidan mablag‘ ajratilmoqda. Prezidentimiz bu borada cheklanmagan imkoniyat yaratgan. Faqat yoshlarimizdan harakat kerak”, dedi Kongratbay Sharipov. “To‘rt yil o‘qib bitirgan, lekin yo‘nalishini biroz o‘zgartirmoqchi bo‘lgan yoshlar uchun qo‘shimcha kurslar tashkil qilib beryapmiz. Til kurslari ham yo‘lga qo‘yiladi. Agar migratsiya nuqtai nazaridan chet elga borib ishlamoqchi bo‘lsa, unga ham sharoit yaratilyapti”, deya qo‘shimcha qildi u.

Vazirning aytishicha, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha kafolat xatlarini bergan. “Umuman, har bir talaba nazoratda. Rektorlarimiz kafolat xatlarini bergan. Hududiy boshqarmalar bilan birgalikda yoshlarimizni yil yakuniga qadar 100 foiz ish bilan ta’minlash kafolatini olganmiz”, dedi u.

Avvalroq Kongratbay Sharipov so‘nggi yillarda OTMga kirishda o‘tish balini (56,7) to‘plolmaganlar ulushi qisqarayotganini aytib, ushbu tendensiyani maktablardagi ta’lim sifati ortishi bilan izohlagandi. Shuningdek, u barcha bitiruvchilar oliy ma’lumotli bo‘lishi kerak degan qarash noto‘g‘ri ekanini qo‘shimcha qilgan edi.

Source: www.gazeta.uz