Vazirlar Mahkamasining 2019-yilda qabul qilgan 778-sonli qarori bilan mobil qurilmalarning IMEI kodlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi va buning uchun to‘lov summalari belgilangan edi. Unga ko‘ra, import qiluvchi yuridik shaxslar BHMning 20 foizi, jismoniy shaxslar esa 20-25 foiz miqdorida to‘lov to‘lashi shart. Aks holda, 30 kalendar kun ichida telefon bloklanishi mumkin.
UzIMEI tizimi operatori — Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazining bo‘lim boshlig‘i Otabek Azimovning so‘zlariga ko‘ra, bu to‘lovlar soliq statusiga ega emas, balki markaz ko‘rsatayotgan xizmat uchun undiriladi. U 24-avgust kuni Silk Road Finance & Technology forumi doirasida jurnalistlarga intervyu berib, tizimning afzalliklari haqida gapirdi.
Azimovning ta’kidlashicha, hozirda mobil qurilmalarning 95 foizi importyorlar tomonidan, qolgan 5 foizi esa jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilmoqda. “Bu rasmiy do‘konlar va xizmat markazlari ochilishiga zamin yaratadi. Xorijiy ishlab chiqaruvchilar O‘zbekistonda faqat rasman olib kirilgan telefonlar ishlatilishini ko‘rib, bizga ishonch bildirishi mumkin”, — deydi u.
UzIMEI tizimi joriy etilganiga deyarli 7 yil to‘ldi. Shu vaqt ichida Samsung va Xiaomi’ning rasmiy do‘konlari ochilgan bo‘lsa, Apple hali ochmagan. Azimovning aytishicha, Apple bilan muzokaralar 1 yildan oshiq davom etmoqda. “Apple’ning o‘ziga xos maxfiylik siyosati bor. Shu narsalarni kelishib olganimizdan keyin rasmiy do‘kon ochiladi”, — deydi u.
Gazeta’ga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-yildan beri 97,8 milliondan ortiq IMEI kodi ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Dastlabki yilda 47,6 million (48,7 foiz) IMEI avtomatik tarzda bepul ro‘yxatga olingan. Qolganlari bo‘yicha to‘lov undirilgan. Eng ko‘p ro‘yxatdan o‘tgan qurilmalar Samsung (35,5 mln), Xiaomi (18,1 mln), Nokia (7,7 mln), Apple (5,8 mln) va Huawei (2,4 mln) hissasiga to‘g‘ri keladi.
Qurilma turlari kesimida smartfonlar yetakchilik qilmoqda (72,5 mln), undan keyin tugmali telefonlar (20,3 mln), planshetlar (1,4 mln) va portativ qurilmalar (238 ming) turadi. Ro‘yxatdan o‘tmagan, lekin o‘tkazish jarayonida bo‘lgan qurilmalar 366 326 tani, bloklanganlari esa 20,1 milliontani tashkil etadi.
Shu muddat ichida IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 3 trillion so‘mdan ortiq to‘lov qilingan. Bu mablag‘lar davlat budjetiga, ishchilarning maoshi hamda sohani texnik qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilishi aytilmoqda. “Kalkulyatsiya qilinganda tushgan pullar tizimning ishlab turishi, server qurilmalarini yangilash, respublika aloqa sohasini rivojlantirish, jumladan chekka hududlarda aloqa sifatini yaxshilashga sarflanadi”, — deydi Azimov.
UzIMEI sabab qonuniy olib kirilayotgan telefonlar ulushi 93 foizga yetkazilgan. Biroq, to‘lovni bekor qilish rejasi yo‘q. Markaz matbuot xizmati boshlig‘i Axmadjon Orifjonovning so‘zlariga ko‘ra, “To‘lovsiz tizim qilganidan keyin, uni qo‘llab-quvvatlab turish kerak. Bu esa oxir-oqibat budjetni “yeyish”ga olib boradi”. U, shuningdek, “qora bozor”da IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha aldovchi holatlar mavjudligini, shuning uchun har bir telefonning IMEI kodini sayt orqali tekshirish mumkinligini ta’kidladi.
Importyorlar uchun jarayon qanday kechadi? Azimovning tushuntirishicha, importyor mobil qurilmalarni olib kirib, bojxona omboriga tushiradi va UzIMEI’ga ariza beradi. To‘lovni amalga oshirmaguncha telefonlarni olib kira olmaydi. “Bu arzonroqqa ham tushadi. 17 foiz to‘laydi, ya’ni 12 foiz QQS va 5 foiz bojxona xizmati uchun. Shu sabab importyorlarga qulayroq”, — deydi u.
Jismoniy shaxslar uchun bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan olib kirish limitlari o‘tgan yili pasaytirilgan: havo transportida 1000 dollargacha, temir yo‘l va daryo transportida 500 dollargacha, avtomobil va piyoda o‘tish punktlarida 300 dollargacha. Shuningdek, IMEI ro‘yxatga olishda Face ID tizimi joriy etilgan. Bu pasport ma’lumotlarining “qora bozor”da sotilishining oldini olish uchun qilingan.
Azimovning qo‘shimcha qilishicha, deklaratsiyalash talabi joriy etilgan vaqtda Face ID tizimi hali mavjud emas edi. Keyinchalik u qo‘shimcha identifikatsiya vositasi sifatida qo‘shilgan. Bo‘lim boshlig‘i IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi bir nechta idoralar vakolatiga kirishini, shu sababli deklaratsiyalash talablarini qayta ko‘rib chiqish tegishli idoralar bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi mumkinligini ta’kidladi.
So‘nggi 7 yilda bojxona rasmiylashtiruvi orqali mobil qurilmalarni rasmiy olib kirishdan undirilgan bojxona to‘lovlari 5 trillion so‘mdan oshgan. Eslatib o‘tamiz, bundan 4 yil avval Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov UzIMEI pulli bo‘lishi kerakligini va bu soliq statusida ekanini aytgandi. “Soliq to‘lashingiz kerak-ku. Hech narsa tekinga bo‘lmaydi”, — degandi u.
O‘tgan yili iqtisodchi Behzod Hoshimov deputatlar UzIMEI’ni olib tashlash orqali o‘zbekistonliklarni milliardlab dollarga boyitishi mumkinligini ta’kidlagan. U IMEI sabab iste’molchilar ham puli, ham vaqti bilan to‘lov qilayotganini aytgandi.
Ma’lumot uchun, IMEI kodlaridan foydalangan holda mobil qurilmalarni majburiy ro‘yxatga olish tizimini amalda “Information Technology Center” MCHJ yuritadi. Milliy statistika qo‘mitasidagi ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu kompaniyaning 51 foiz ulushi Amerikaning “Delta Telecom International” kompaniyasiga, qolgan 49 foizi Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish markaziga tegishli. 2024-yilda prezident qarori bilan davlat ulushi sotuvga qo‘yilib, korxona to‘liq xususiylashtirilishi e’lon qilingandi.
Source: www.gazeta.uz