Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Arkutsoy paleolit yodgorligida olib borilgan qazishmalar natijasida 320−280 ming yil avvalgi davrga oid bo‘lishi mumkin bo‘lgan tosh qurollar topildi. Agar laboratoriya tahlillari bu sanani tasdiqlasa, Arkutsoy O‘zbekiston hududida hozirgacha ma’lum bo‘lgan eng qadimiy arxeologik yodgorlikka aylanadi. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi rasmiy xabar berdi.
Qo‘shma ekspeditsiya tarkibiga O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Antropologiya instituti hamda Rossiya Fanlar akademiyasi Sibir bo‘limining Arxeologiya va etnografiya instituti mutaxassislari kiradi. Ular Bo‘stonliq tumanidagi Arkutsoy paleolit yodgorligida uch yildan beri dala tadqiqotlarini olib bormoqda. 2024-yilda boshlangan maqsadli arxeologik izlanishlar hozirda yodgorlikning uchta alohida maydonida davom etmoqda.
Tadqiqotchilarning asosiy maqsadi geologik qatlamlardan topilgan tosh buyumlarning yoshini aniqlash, ularning stratigrafik o‘rnini belgilash va arxeologik kontekstini tiklashdan iborat. Shuningdek, olimlar qadimgi insonlarning ushbu hududni o‘zlashtirish bosqichlarini qayta tiklashga harakat qilmoqda. Avvalgi geologik tadqiqotlarda Arkutsoy kesmasining taxminan 20 va 40 metr chuqurlikdagi qatlamlaridan tosh artefaktlar topilgan edi, biroq ularning stratigrafik holati yetarlicha hujjatlashtirilmagani sababli aniq yoshini aniqlash imkoni bo‘lmagan.
So‘nggi tadqiqotlar Arkutsoy geologik kesmasining turli sathlarida tosh artefaktlar mavjudligini tasdiqladi. Jumladan, birinchi, ikkinchi va uchinchi qadimgi qazilma tuproq qatlamlaridan inson tomonidan ishlov berilgan tosh buyumlar aniqlangan. Turli davrlarga mansub qatlamlarda artefaktlarning topilishi qadimgi inson jamoalari bu hududni bir necha bosqichda o‘zlashtirganini ko‘rsatadi.
Ayniqsa, uchinchi qadimgi qazilma tuproq qatlamidan topilgan tosh artefaktlar katta ilmiy ahamiyatga ega. Dastlabki geologik va paleoiqlimiy taqqoslashlarga ko‘ra, bu qatlam taxminan 320−280 ming yil avval shakllangan. Agar bu sanalar mustaqil laboratoriya tahlillari bilan tasdiqlansa, Toshkent vohasi va umuman O‘zbekiston hududi qadimgi insonlar tomonidan ilk paleolitning so‘nggi bosqichlaridayoq o‘zlashtirilganini ko‘rsatadi.
Olimlarning ta’kidlashicha, Arkutsoydagi yangi topilmalar O‘zbekiston paleolitining ilk bosqichlarini o‘rganish, qadimgi insonlarning Markaziy Osiyo bo‘ylab tarqalish yo‘llarini aniqlash va ularning tabiiy-iqlimiy sharoitlarga moslashuv jarayonlarini tadqiq etishda muhim ahamiyatga ega. Bu kashfiyot nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo arxeologiyasi uchun yangi sahifa ochishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qamashi tumanidagi Boburtepa arxeologiya yodgorligida milodiy IV-V asrlarga oid qadimiy ibodatxona qoldiqlari va noyob devoriy surat aniqlangan edi. Arkutsoy topilmalari esa bu yodgorlikdan ancha qadimiy bo‘lib, insoniyat tarixining eng qadimgi sahifalariga oid yangi ma’lumotlarni taqdim etishi kutilmoqda.
Source: www.gazeta.uz