Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda ta’lim tashkilotlarida ta’lim va tarbiya jarayonida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etildi. Bu prezident tomonidan 11-sentabrda imzolangan qonunda nazarda tutilgan. Hujjat Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 23-dekabrda qabul qilingan va joriy yilning 9-iyulida Senat tomonidan ma’qullangan edi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) quyidagi qoida bilan to‘ldirildi: ta’lim tashkilotida voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlar o‘z zimmasiga yuklatilgan shaxs tomonidan tarbiya va ta’lim berish jarayonida voyaga yetmagan bolaga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik sodir etish, shuningdek, uni kamsitish yoki xo‘rlash kabi harakatlarda ifodalangan tarzda tahqirlash (jinoyat va boshqa huquqbuzarliklar alomatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda) — bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 1 baravaridan 5 baravarigacha (440 ming so‘mdan 2,2 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Pedagogik faoliyatni amalga oshirishda voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy va (yoki) ruhiy zo‘ravonlik qo‘llagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxslarga endilikda bir yil davomida ushbu faoliyat bilan shug‘ullanish taqiqlanadi. “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunning 15-moddasiga (Pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishga oid cheklovlar) kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, ishga qo‘yilgan taqiq quyidagi ta’lim tashkilotlariga tatbiq etiladi: maktabgacha ta’lim tashkilotlari; umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlari; professional ta’lim tashkilotlari; bolalar qo‘shimcha ta’lim tashkilotlari. Bog‘cha xodimlariga tegishli o‘zgartirish “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi qonunning 44-moddasiga ham kiritildi.

O‘zbekistondagi bog‘cha va maktablarda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari haqida muntazam ravishda xabar berib boriladi. Yaqinda sodir bo‘lgan holatlardan biri Andijon viloyatida kuzatilgan bo‘lib, u yerda “G‘amxo‘rlik” markazida nogironligi bo‘lgan bolalar kaltaklangan edi. Olti nafar tarbiyachi va hamshira ishdan bo‘shatilgan edi.

2024-yilning kuzida prezident “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni imzolagan edi. U ta’lim muassasalarida intizomiy jazo chorasi sifatida zo‘ravonlikning har qanday shaklini, jumladan, jismoniy jazo va boshqa shafqatsiz yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarini qo‘llashni taqiqlaydi. 2025-yil yozida Ijtimoiy himoya milliy agentligi bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazoni “maksimal javobgarlik chorasi bilan va yengillashtiruvchi holatlarsiz” kuchaytiruvchi Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartirishlar ishlab chiqayotganini ma’lum qilgan edi.

Source: www.gazeta.uz