Farg‘ona shahar sudi onasi va o‘gay otasini o‘ldirishda ayblangan aka-ukalarga nisbatan hukm e’lon qildi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berildi. Sud hujjatlariga ko‘ra, 27 yoshli sudlanuvchi 2009-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan ukasi bilan jinoiy til biriktirib, Farg‘ona shahrida onasiga tegishli uyni egallash, xonadondagi qimmatbaho buyumlarni qo‘lga kiritish, shuningdek, onasi, o‘gay otasi va yana bir ukasini o‘ldirish rejasini tuzgan.
Rejaga ko‘ra, aka-ukalar avval xonadonga kirib, ulardan biri bolalar xonasiga yashiringan. Er-xotin uyga qaytganida, ikkinchi sudlanuvchi o‘gay otasiga muhim gapi borligini aytib, uni ko‘chaga olib chiqqan. Shu vaqtda xonaga yashiringan katta o‘g‘il mehmonxonada yolg‘iz qolgan onasiga hujum qilgan. U ayolni qo‘llari va elektr kabeli bilan bo‘g‘gan, so‘ng shisha idish bilan boshiga urgan va uni o‘ldirgan.
Shundan keyin ukasiga SMS orqali rejaning birinchi qismi yakunlangani haqida xabar bergan. Uka o‘gay otasini yana uyga olib kirgan. Yuvinish xonasida yashiringan katta aka oshxona pichog‘i bilan uning tanasining turli joylariga 12 marta zarba berib, o‘gay otasini ham o‘ldirgan. Aka-ukalar marhumlarni yotoq divanining ichki qismiga joylashtirib, qon izlarini tozalagan. Keyin yana bir ukasini ham o‘ldirish maqsadida uning uyga kelishini kutishgan.
Kechga yaqin xonadonga kelgan ukaga ikki sudlanuvchi tashlangan. Biroq u akalariga qarshilik ko‘rsatib, uydan qochib chiqqan va qo‘shnilarni yordamga chaqirgan. Shu sabab sudlanuvchilar jinoiy harakatlarini oxiriga yetkaza olmagan. Ular voqea joyidan qochishdan oldin marhumlarga tegishli telefonlar, pul mablag‘lari, taqinchoqlar va boshqa buyumlarni olib ketgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi voyaga yetmagan sudlanuvchiga Jinoyat kodeksi 59-moddasining 3-qismi asosida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. U jazoni tarbiya koloniyasida o‘taydi. Ikkinchi sudlanuvchiga esa Jinoyat kodeksi 59-moddasining 4-qismi asosida tayinlangan yengilroq jazoni og‘irrog‘i bilan qoplash orqali jinoyatlar majmui bo‘yicha umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sudda so‘z olgan sudlanuvchilardan biri qilmishidan pushaymonligini bildirib, boshqa yoshlarga saboq bo‘lishini aytdi. “Yosh-yosh bolalarga dars bo‘lsin, ayniqsa, ota-onalarga. Farzandlariga yaxshi qarab, mehribonchilik bilan munosabatda bo‘lsa, bunday darajaga yetib kelmaydi. Kechiringlar yana bir marta”, — dedi u. Marhum o‘gay otaning qizi esa uning farzandlarga munosabati haqida gapirdi. Uning aytishicha, otasi o‘g‘il farzandni yaxshi ko‘rgan va bolalarga nisbatan bunday munosabatda bo‘ladigan inson emas edi. “2025-yil iyul oyining oxiridan birga yashashgan. Shundan beri ular bilan aloqamiz bo‘lmagan. 12-fevral kuni vafot etgani haqida eshitdim. Bilmayman, balki men yagona qiz farzand bo‘lganim uchunmi, u o‘g‘il bolani juda yaxshi ko‘rardi. O‘g‘il farzandi bo‘lmagani uchunmi, o‘g‘il bolaga bunday muomala qiladigan odam emas edi”, — dedi qiz.
Source: www.gazeta.uz