Dunyoning yetakchi reyting agentliklaridan biri bo'lgan Fitch Ratings xalqaro tashkiloti Jizzax viloyatiga “BB−” darajasidagi xalqaro kredit reytingini rasman taqdim etdi. Mutaxassislar tomonidan mazkur moliyaviy ko'rsatkich uchun berilgan prognoz “Barqaror” deb baholandi, bu esa hududda uzoq muddatli barqarorlik saqlanib qolishidan dalolat beradi.
Fitch tahlilchilarining dastlabki ma'lumotlariga ko'ra, Jizzax viloyatining iqtisodiy o'sish sur'atlari respublika bo'yicha o'rtacha ko'rsatkichlardan sezilarli darajada tezroq rivojlanmoqda. Shuningdek, viloyatning umumiy moliyaviy profili tahlilchilar tomonidan “aa” deya yuksak baholanib, uning iqtisodiy salohiyati e'tirof etildi.
Mazkur xalqaro reytingning ahamiyati shundaki, xorijiy investorlar muayyan hududga sarmoya kiritishdan avval uning moliyaviy ahvoli, olingan qarz majburiyatlarini o'z vaqtida qaytarish imkoniyatlari hamda yuzaga kelishi mumkin bo'lgan iqtisodiy xatarlarni chuqur o'rganib chiqadi. Aynan shu kabi nufuzli agentliklarning xulosalari global investitsiya bozorida muhim orientir vazifasini bajaradi.
Endilikda Jizzax viloyati xalqaro darajada e'tirof etilgan mustaqil moliyaviy bahoga ega bo'ldi, bu esa tashqi bozorlarda o'z pozitsiyasini mustahkamlashga yordam beradi. Garchi reyning o'zi bir zumda yangi zavodlar qurib, aholini ish bilan ta'minlamasa-da, u kelgusida hududga to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish uchun qo'shimcha qulay imkoniyatlar eshigini ochadi.
Source: kun.uz