Hukumat tomonidan qabul qilingan 586-sonli qarorga muvofiq, Toshkent shahri va Toshkent viloyatining bir nechta tumanlarida issiqxona xo‘jaliklari faoliyati uchun maxsus ekologik rejim joriy etildi. Ushbu chora-tadbirlar poytaxt mintaqasida atmosfera havosi sifatini yaxshilash va ekologik xavfsizlikni ta'minlash maqsadida amalga oshirilayotgani aytilmoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, maxsus hududda joylashgan isitish tizimiga ega issiqxonalar o‘z faoliyatini faqatgina tabiiy gaz, elektr energiyasi, geotermal, quyosh energiyasi hamda issiqlik elektr stansiyalarining ikkilamchi energiyasidan foydalangan holda davom ettirishi mumkin. Bunda davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi majburiy talab etiladi.
Qattiq yoqilg‘i, jumladan ko‘mir va biomassadan foydalanayotgan xo‘jaliklar o‘z isitish tizimlarini joriy yilning 1-dekabriga qadar muqobil energiya turlariga o‘tkazishi shartligi belgilandi. Shinalar, bitum, mazut, plastmassa va chiqindilarni yoqilg‘i sifatida yoqish esa qat'iyan taqiqlangan.
Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2028-yilgacha zamonaviy uskunalar xarid qilish uchun subsidiyalar hamda imtiyozli kreditlar ajratilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, avtomatik monitoring stansiyalarini o‘rnatish va chiqindi suvlarni tozalash tizimlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha majburiyatlar yuklatildi.
Source: www.gazeta.uz