O‘zbekistonda 2027-yildan boshlab ishlab chiqariladigan va import qilinadigan alkogolsiz ichimliklar qadog‘ida shakar miqdoriga qarab majburiy ogohlantiruvchi yozuvlar paydo bo‘lishi mumkin. Tegishli qaror loyihasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Loyihaga ko‘ra, har 100 ml mahsulotdagi shakar miqdoriga qarab, qadoqning old qismida kamida 15 foiz maydonni egallaydigan va birinchi qarashda aniq ko‘rinadigan ogohlantiruvchi yozuv joylashtiriladi. Shuningdek, qadoqda mahsulot tarkibi, kaloriyasi va kunlik iste’mol me’yori haqidagi ma’lumotlar joylashtirilgan QR-kod bo‘lishi belgilanmoqda.
Hujjatga ko‘ra, Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi 2027-yil 1-martga qadar alkogolsiz ichimliklarni laboratoriya tahlilidan o‘tkazish bo‘yicha yagona metodikani tasdiqlashi, 1-sentabrga qadar esa akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda shakar miqdorini aniqlash amaliyotini yo‘lga qo‘yishi kerak. Qo‘mita har chorakda shakar miqdori belgilangan me’yordan yuqori bo‘lgan alkogolsiz ichimliklar reyestrini yuritib, uni rasmiy veb-saytlarda e’lon qilib borishi taklif etilmoqda.
Shuningdek, 2027-yil 1-dekabrga qadar shakar miqdori yuqori alkogolsiz ichimliklarni monitoring qilish uchun yagona raqamli platforma ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. U “Asl Belgisi” tizimining moduli sifatida yaratiladi. Platformada har bir mahsulotning 100 millilitridagi shakar yoki uglevodlar miqdori va shirinlashtiruvchi moddalar turlari haqidagi ma’lumotlar majburiy bo‘ladi. Laboratoriya tekshiruvlari natijalari ham riskka asoslangan tarzda tizimga kiritiladi.
Bojxona qo‘mitasiga 2028-yil 1-yanvarga qadar import qilinayotgan alkogolsiz ichimliklar tarkibidagi shakar miqdorini elektron deklaratsiyalash tizimini joriy etish vazifasi yuklanmoqda. Belgilangan tamg‘alash talablariga javob bermaydigan mahsulotlarni mamlakat hududiga kiritmaslik choralari ko‘riladi. 2027-yil 1-yanvardan ta’lim muassasalari hududida ham belgilangan talablarga javob bermaydigan holda tamg‘alangan alkogolsiz ichimliklar savdosini bosqichma-bosqich cheklash taklif qilinmoqda.
Raqobat qo‘mitasi shakar miqdori yuqori alkogolsiz ichimliklar bo‘yicha nazorat xaridlarini amalga oshirib, aniqlangan qonunbuzarliklar haqidagi ma’lumotlarni OAVda e’lon qilib borishi kerak bo‘ladi. Loyihaga ko‘ra, aholiga OAV orqali ortiqcha shakar iste’molining zarari, kunlik shakar iste’moli me’yorlari va uning bolalar salomatligiga ta’siri haqida tushuntirish ishlari ham muntazam olib boriladi. Loyiha muhokamasi 14-oktabrga qadar davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda tarkibida tuz, shakar va yog‘ miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlarni maxsus belgilash tartibi joriy qilinishi belgilangan edi. Prezidentning 2020-yildagi farmoniga ko‘ra, bunday mahsulotlarga rangli belgilar qo‘yish 2021-yil 1-iyuldan ixtiyoriy, 2025-yil 1-yanvardan esa majburiy bo‘lishi kerak edi. Talab import qilinadigan va mamlakatda ishlab chiqariladigan mahsulotlarga ham tegishli bo‘lgan.
Source: www.gazeta.uz