Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 2026-yil 1-iyul holatiga 84,1 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich bir yil avval 72,2 mlrd dollarga teng edi. Yil davomida tashqi qarz 11,9 mlrd dollarga yoki 16,5 foizga oshgan. Bu haqda Markaziy bank hisobotida ma’lum qilindi.

Qarz o‘sishining asosiy qismi 2025-yilning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri kelgan. Joriy yil boshidan buyon tashqi qarz 1-yanvardagi 82,2 mlrd dollardan taxminan 1,9 mlrd dollarga yoki 2,3 foizga oshgan. Davlat tashqi qarzi bir yilda 36,8 mlrd dollardan 41,7 mlrd dollargacha, ya’ni 13,3 foizga oshgan. Korporativ tashqi qarz esa 35,4 mlrd dollardan 42,4 mlrd dollargacha, ya’ni 19,8 foizga ko‘paygan. Yil boshidan buyon bu ko‘rsatkichlar mos ravishda taxminan 1,2 mlrd va 700 mln dollarga o‘sgan.

Markaziy bank aniqlik kiritishicha, korporativ tashqi qarz tarkibida xususiy sektor, jumladan tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat kafolatisiz jalb etilgan tashqi qarzlar aks ettiriladi. Bunda, korporativ tashqi qarz bo‘yicha davlat majburiyati mavjud emas, ular bo‘yicha to‘lovlar xo‘jalik subyektlari hamda banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Davlat tashqi qarzi qoldig‘i hisoblangan, lekin to‘lanmagan foizlarni ham o‘z ichiga oladi. Shuningdek, suveren xalqaro obligatsiyalar qiymati hisobot sanasidagi bozor narxlaridan kelib chiqib qayta hisoblanadi.

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev yalpi tashqi qarz nominal hajmi tez o‘sayotgan bo‘lishiga qaramasdan daromadga nisbatan ulushi qisqarayotganiga e’tibor qaratdi. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, ikkinchi chorak holatiga umumiy tashqi qarzning YAIMga nisbatan ulushi 48,5 foizni tashkil etib, birinchi chorakka nisbatan 4,4 foiz bandga pasaygan. Umumiy tashqi qarzning YAIMga nisbatan ulushi 2025-yil to‘rtinchi choragida 55,9 foizga yetib o‘zining eng yuqori darajasini qayd etgan. Shundan keyin ketma-ket ikki chorakdan buyon pasaymoqda. 2025-yil to‘rtinchi choragidan buyon qarzning YAIMdagi ulushi 7,4 foiz bandga pasayishga ulgurdi.

Xolboyev ushbu dinamikani dollardagi iqtisodiyot tashqi qarzdan tezroq o‘sayotgani bilan bog‘ladi. Ikkinchi chorak yakuni bilan real ko‘rsatkichlarda YAIM 8,5 foizga o‘sib o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 1,3 foiz bandga tezlashgan. So‘mning mustahkamlanishi qo‘shimcha omil bo‘lgan. Iqtisodchining hisob-kitoblariga ko‘ra, dollardagi YAIMni hisoblash uchun foydalanilgan o‘rtacha dollar kursi 2026-yil ikkinchi choragida oldingi yilning mos choragiga nisbatan 5 foizga mustahkamlangan. Bu esa tabiiyki dollardagi YAIM o‘sishi tezlashtiradi. Xolboyev hisob-kitob uchun so‘nggi to‘rt chorakdagi iqtisodiyot hajmi va shu davr uchun o‘rtacha ayirboshlash kursidan foydalangan.

Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, agar YAIMning hozirgi o‘sish sur’atlari saqlansa va o‘rtacha kurs o‘zgarmasa, hozirgi qarz olish tempi bilan 2027-yil ikkinchi choragida yalpi tashqi qarz hajmi YAIMga nisbatan 45 foizgacha tushishi mumkin. “Umuman olganda, nominal qarz o‘sishi va hozirgi holati qanchalik yuqori ko‘rinmasin hozircha daromadlarimiz qarz o‘sishidan tezroq o‘smoqda. Bu esa o‘z navbatida qarz yuki pasayishiga olib kelmoqda”, — dedi iqtisodchi. Markaziy bank o‘z sharhida Xalqaro valyuta jamg‘armasi bahosini ham keltirgan bo‘lib, unga ko‘ra, O‘zbekistonning qarz yuki past darajada qolmoqda, tashqi qarzning salmoqli qismi esa imtiyozli shartlarda jalb qilingan.

Source: www.gazeta.uz