Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkentda bo‘lib o‘tgan Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumida Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 60 yilligiga bag‘ishlangan sessiya o‘tkazildi. Unda xalqaro kafolatlarning amalda qo‘llanishi masalalari ko‘rib chiqildi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi Karlos Ramon Fernandes Lesa paktni xalqaro huquqning tamal toshlaridan biri deb atadi. Uning ta’kidlashicha, paktda mustahkamlangan huquqlarning ro‘yobga chiqishi demokratiyaning holati, hokimiyatlar bo‘linishi, sudlar mustaqilligi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatiga bog‘liq. Shu bilan birga, u na BMTga a’zolik, na paktda ishtirok etish davlatdan muayyan demokratik boshqaruv tizimini talab qilmasligini qayd etdi. “Siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy tizimlarni erkin tanlash tamoyili dunyoda yagona demokratiya modeli yo‘qligini anglatadi”, — dedi u.

Fernandes Lesa paktning asosiy vazifasi davlatlarning siyosiy tuzumidan qat’i nazar, barcha mamlakatlarda huquqlarni himoya qilish standartlarini yuksaltirish ekanini ta’kidladi. U hujjatni o‘zgarib borayotgan dunyo bilan birga rivojlanishi lozim bo‘lgan “tirik vosita” sifatida ta’rifladi. Biroq bunday rivojlanish uchun davlatlarning keng qamrovli konsensusi talab etiladi. Ekspert fikricha, hozirgi qutblashuv bu maqsadga erishishga to‘sqinlik qilmoqda. “Xalqaro hamjamiyat geosiyosiy qarama-qarshilik va ko‘p tomonlama hamkorlikning susayishi davrini boshidan kechirmoqda. Suverenitet va ayrim manfaatlarni umumiy manfaatlardan ustun qo‘yish moyilligi ko‘zga tashlanmoqda”, — dedi u. Fernandes Lesa inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlashning zaiflashuvi xavfidan ogohlantirdi hamda erishilgan kafolatlarni boy berishga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi. “Ushbu o‘tish davrida erishilgan qadriyatlardan voz kechmaslik va inson huquqlari sohasida orqaga ketishning oldini olish uchun bor kuch-g‘ayratni safarbar etish zarur”, — deya ta’kidladi ekspert.

O‘zbekiston Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Usmonov inson huquqlarining amaliy himoyasini, eng avvalo, sud mustaqilligi, adolatli sud muhokamasi va buzilgan huquqlarni tiklashning samarali mexanizmlari bilan bog‘ladi. “Xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka tatbiq etish, shubhasiz, muhim. Biroq ularning amaliy samaradorligi bevosita sudlar tomonidan qanday qo‘llanishiga bog‘liq”, — dedi u. Usmonov sud orqali himoyalanish bo‘yicha konstitutsiyaviy kafolatlar, ma’muriy sudlarning tashkil etilishi hamda 2025-yil 1-yanvardan tergov sudyalari o‘z faoliyatini boshlaganini eslatib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tergov sudyalari insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini cheklash bilan bog‘liq protsessual masalalarni ko‘rib chiqishda sudgacha bo‘lgan bosqichda inson huquqlariga rioya etilishi ustidan mustaqil sud nazoratini ta’minlaydi. “Jinoyat ishini ko‘rib chiqishda sud nafaqat ayblovning asosliligini tekshirishi, balki dalillar qonuniy yo‘llar bilan olinganmi-yo‘qmi, shaxsning himoyalanish huquqi ta’minlanganmi va dastlabki tergov jarayonida uning konstitutsiyaviy huquqlari buzilmaganmi degan masalalarga ham baho berishi kerak”, — dedi u. Usmonov mazkur jarayonda pakt qoidalari, shuningdek, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi huquqiy xulosalari va tavsiyalari sudlar uchun mo‘ljal bo‘lib xizmat qilishi lozimligini ta’kidladi. U xalqaro shartnomaviy organlar pozitsiyalarini muntazam o‘rganish, ularni sudyalarni kasbiy tayyorlash dasturlariga kiritish hamda sud qarorlarida xalqaro me’yorlarning qo‘llanishini rivojlantirish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.

Tilburg universiteti jinoyat huquqi kafedrasi dotsenti Polin Yakobs o‘z chiqishini mahkumlar va jazoni o‘tayotgan shaxslarning jazoni ijro etish muassasasidagi sharoitlar yuzasidan shikoyat qilish imkoniyatiga bag‘ishladi. “Shikoyatlarni ko‘rib chiqish mexanizmlari ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni qiynoqlar, shafqatsiz va inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomaladan himoya qilishning asosiy kafolatlaridan biridir”, — dedi u. Bu kabi murojaatlar xodimlarning noqonuniy xatti-harakatlari, saqlash sharoitlarining yomonligi, foydali mashg‘ulotlarning yo‘qligi yoki tibbiy yordamning yetarli emasligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Yakobsning so‘zlariga ko‘ra, shikoyatlarga jiddiy yondashuv keskinlikni kamaytirishga hamda mahkumlar va xodimlar o‘rtasidagi munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishga yordam beradi. U Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Yevropa qo‘mitasi standartlari va Yevropa penitensiar qoidalariga tayangan holda, bunday mexanizmning ishlashi uchun zarur bo‘lgan shartlarni sanab o‘tdi: ushbu mexanizmdan to‘siqsiz foydalana olish, maxfiylik, ko‘rib chiquvchi organning mustaqilligi, o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va yuridik yordam olish imkoniyati. “Mahkumlar ushbu tartib-taomil haqida o‘zlari tushunadigan tilda og‘zaki va yozma ma’lumotlarni olishlari kerak. Shikoyat blanklari oson topiladigan bo‘lishi, shikoyat berish uchun zarur bo‘lgan barcha materiallar esa erkin foydalanish uchun ochiq bo‘lishi lozim”, — dedi tadqiqotchi. Ayniqsa, murojaatning o‘zi shaxs uchun yangi xavf-xatarlarni keltirib chiqarmasligi nihoyatda muhimdir. “Tartib-taomil maxfiy va xavfsiz bo‘lishi kerak. Shikoyat berish qo‘rqitish yoki javob choralari bilan kuzatilmasligi lozim. Bu holat uni topshirgan mahkumning o‘ziga qarshi ishlamasligi kerak”, — deya urg‘uladi Yakobs. Uning aytishicha, Niderlandiyada qamoqxona boshlig‘ining yoki uning nomidan qabul qilingan qarorlar ustidan berilgan shikoyatlarni qamoqxona ma’muriyatiga aloqasi bo‘lmagan mustaqil komissiya ko‘rib chiqadi. Bu mexanizm kompensatsiya imkoniyatini ham nazarda tutadi — xususan, mahkumlar uchun qo‘shimcha uchrashuvlar yoki telefon orqali so‘zlashuvlar tarzida.

O‘zbekistonlik ishtirokchilar bu kafolatlar amalda qanday ishlayotgani haqida gapirdi. “Ilm nuri markazi” NNT raisi o‘rinbosari, huquqshunos Gulnora Ishanxanova sudyalar tomonidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi qarorlari va uning dalillarini o‘rganish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, u nodavlat tashkilotlari mamlakatning xalqaro majburiyatlarni bajarishi bo‘yicha muqobil hisobotlar taqdim etishi mumkinligini eslatdi. U sudlarning qiynoqlar haqidagi xabarlarga bo‘lgan munosabati masalasini alohida ko‘tardi. “Biz, albatta, sudyalarimizda qiynoqlar haqidagi arizalarga nisbatan amaliy munosabat bo‘lishini juda xohlaymiz”, — dedi Ishanxanova va bunday bayonotlarni tekshirish hamda olingan ko‘rsatmalarning maqbulligi masalasini hal etish zarurligini ta’kidladi. Advokat Tamila Rahmatullayeva xalqaro tashkilotlar va Advokatlar palatasi tomonidan sudyalar va huquqshunoslar uchun xalqaro huquq normalari bo‘yicha o‘quvlar o‘tkazilayotganini, biroq uning bahosiga ko‘ra, amaliyot hali ularni to‘liq qo‘llashdan yiroq ekanini bildirdi. “Men birorta ham sudning xalqaro pakt normalariga tayangan holda qabul qilgan qarorini ko‘rmadim, holbuki, o‘zim barcha hujjatlarimda ushbu normalarga havola qilaman”, — dedi advokat. Konstitutsiyada mustahkamlangan kafolatlarni ijobiy baholagan Rahmatullayeva ularni sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishida yanada faolroq qo‘llashga chaqirdi. “Bularning barchasi Konstitutsiyamizda aks ettirilgani davlatimizning ulkan yutug‘idir, biroq biz buni amaliyotda ko‘rishni istaymiz”, — dedi u.

Sessiya moderatori, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov xalqaro normalar allaqachon milliy qonunchilikka singdirilganini ta’kidladi. Shuningdek, u milliy qonunchilik bilan tafovut yuzaga kelgan taqdirda, xalqaro shartnomaviy normalar ustuvor ahamiyatga ega ekanini eslatib o‘tdi. Vengriya Asosiy huquqlar bo‘yicha vakili ofisining Teng muomala masalalari bo‘yicha bosh direktori Yanosh Videmann diskriminatsiyadan himoya qilishning ma’muriy tartib-taomili haqida so‘zlab berdi. Ushbu tartib doirasida isbotlash majburiyati arizachi zimmasiga tushmasligi kerak; unga faqatgina zarar ko‘rganini va qoidabuzarlik paytida qonun bilan himoyalangan belgiga (masalan, jinsi yoki nogironligi) ega bo‘lganining ehtimolini ko‘rsatib berish kifoya. Qarshi tomon esa ko‘rsatilgan holatlar mavjud bo‘lmaganini, teng muomala talabiga rioya qilinganini yoki mazkur munosabatlarga bu talab tatbiq etilmasligini isbotlashi lozim bo‘ladi. Qonun buzilishi holati aniqlanganda, ombudsman noqonuniy vaziyatni bartaraf etishni talab qilishi, bu kabi xatti-harakatlarning takrorlanishini taqiqlashi, jarima tayinlashi yoki yakuniy qarorni e’lon qilish bo‘yicha ko‘rsatma berishi mumkin. Bu qaror ustidan sudga shikoyat qilish huquqi saqlanib qoladi. Videmannning so‘zlariga ko‘ra, aniqlanayotgan qonunbuzarliklar orasida eng ko‘p uchraydigani nogironlik belgisi bo‘yicha diskriminatsiya, jumladan, infratuzilma qulayligi ta’minlanmaganidir.

Source: www.gazeta.uz