Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Andijon viloyatining Asaka tumanida yirik miqdordagi qalbaki pul muomalasiga chek qoʻyildi. Maʼlum qilinishicha, 297 million soʻmlik soxta banknotlarni shartli xaridorga 148 million soʻmga sotishga uringan shaxs huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

Maxsus tezkor tadbir Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar va Andijon viloyati boʻyicha boshqarmalari xodimlari hamkorligida tashkil etilgan. Aniqlanishicha, 1987-yilda tugʻilgan va muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan ushbu fuqaro noqonuniy daromad orttirish maqsadida 100 ming va 200 ming soʻmlik nominaldagi qalbaki kupyuralarni sotayotgan boʻlgan.

Shuningdek, tezkor tadbir davomida gumonlanuvchining yashash xonadoni ham xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilgan. Tintuv jarayonida qalbaki pul tayyorlashda foydalanilgan maxsus jihozlar, jumladan, kompyuter, Epson rusumli printer, qogʻoz kesuvchi uskunalar hamda A4 formatdagi maxsus qogʻozlarga chop etilgan yarim tayyor 50 va 100 ming soʻmlik kupyuralar topilib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan DXXning Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda hamda ushbu noqonuniy ishga aloqador boʻlishi mumkin boʻlgan boshqa shaxslarni aniqlash yuzasidan qoʻshimcha tezkor-qidiruv choralari koʻrilmoqda.

Source: kun.uz