Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda davlat xaridlari va tender jarayonlaridagi qonunbuzar holatlar bo‘yicha nazorat choralari davom etmoqda. Xususan, Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi "Navoiy suv ta'minoti" korxonasi tomonidan o‘tkazilgan 15,5 milliard so‘mlik yirik tender savdolarida qonunbuzarliklar aniqlanganini ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, mazkur tekshiruvga mahalliy tadbirkorlardan birining murojaati sabab bo‘lgan. O‘tkazilgan o‘rganishlar davomida mazkur korxona tomonidan "Raqobat to‘g‘risida"gi qonun talablari jiddiy ravishda buzilgani fosh etildi. Natijada maxsus komissiya tomonidan kompaniyaga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi.

Ishni ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra, "Navoiy suv ta'minoti"ga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanildi. Shu bilan birga, mas'ullarga aniqlangan qonunbuzarliklarni qisqa muddatda bartaraf etish hamda kelgusida shunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘istonda ham davlat xaridlari sohasida jiddiy qonunbuzarliklar aniqlangan edi. Xususan, 32,1 milliard so‘mlik 317 ta davlat xaridlarida shubhali holatlar yuzaga kelib, buyurtmachilar va ishtirokchilar o‘rtasida o‘zaro til biriktirish alomatlari borligi aniqlangandi.

Source: podrobno.uz