Toshkent shahrining Olmazor tumanida voyaga yetmagan qizga nisbatan sodir etilgan og‘ir zo‘ravonlik holati jamoatchilik e'tiborini tortdi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan rasmiy ma'lumot berilib, vaziyat qattiq nazoratga olingani bildirildi.
Aniqlanishicha, 2025-yilning 28-avgust kuni N.M. ismli shaxs Ch.B. bilan shariat qoidalariga ko‘ra nikohdan o‘tib, o‘sha kundan boshlab birga yashay boshlagan. Dastlabki tergov ma'lumotlariga ko‘ra, Ch.B. voyaga yetmagan N.M.ga nisbatan muntazam ravishda zo‘rlik ishlatib, uning jinsiy ehtiyojlarini g‘ayriqonuniy ravishda qondirib kelgan va jabrlanuvchiga turli darajadagi tan jarohatlari yetkazgan.
Ushbu huquqbuzarlik yuzasidan hozirgi vaqtda Olmazor tumani ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Huquq-tartibot idoralari barcha holatlarga oydinlik kiritish uchun zarur ekspertizalarni tayinlagan.
Joriy yilning 5-oktabr kuni Olmazor tumanidagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi hamda tuman IIB xodimlari ishtirokida jabrlanuvchi voyaga yetmagan N.M. va uning ammasi N.N. bilan maxsus suhbat tashkil etildi. Hozirda qizning buzilgan huquqlari va qonuniy manfaatlarini to‘laqonli himoya qilish, uning xavfsizligini ta'minlash hamda og‘ir ruhiy holatini barqarorlashtirish yo‘nalishida amaliy choralar ko‘rilmoqda.
Kelgusida shunga o‘xshash tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining takrorlanishini oldini olish maqsadida voyaga yetmagan qizga nisbatan rasmiy himoya orderi berildi. Mutaxassislar zo‘ravonlikka qarshi kurashishda jamiyatning har bir a'zosi hushyor bo‘lishi lozimligini ta'kidlamoqda.
Source: www.gazeta.uz