Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida huquq-tartibot organlari vakillarining faoliyatiga nisbatan navbatdagi qonunbuzarlik holati qayd etildi. Ma'lum qilinishicha, YPX xodimining qonuniy harakatlarini videotasvirga olib, uni ijtimoiy tarmoqlarda obro'sizlantirish maqsadida tarqatgan haydovchiga nisbatan sud qarori chiqarildi va u ma'muriy qamoq jazosiga hukm qilindi.

Hodisa joriy yilning 5-oktabr kuni Chiroqchi dehqon bozori yaqinida sodir bo'lgan. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan o'tkazilayotgan reyd tadbirlari davomida haydovchi to'xtatilib, unga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Shundan so'ng, haydovchi xodim bilan bo'lgan muloqotni yashirincha videoga olib, o'zining Instagram sahifasiga joylagan va xodimlarning faoliyatini kamsituvchi izohlar qoldirgan.

Tarmoqqa yuklangan videoda haydovchi xodimlarning ishini tanqid ostiga olib, ularning xatti-harakatlaridan noroziligini qo'pol tarzda bildirgan. "Mana shunaqa hammani to'xtatib, yozib yotibdi. Nima chora ko'rish kerak bularga? Bidir-bidir qilib yozib tashladi hozir. Bunday GAIlar bizga kerak emas", deya murojaat qoldirgan u o'z sahifasida.

Ish jinoyat ishlari bo'yicha Chiroqchi tuman sudida ko'rib chiqilib, huquqbuzar Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 195-2-moddasida nazarda tutilgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini foto va video tasvirga olib, ularni obro'sizlantirish maqsadida tarqatish huquqbuzarligini sodir etgan deb topildi. Sud qaroriga ko'ra, unga 7 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan bo'lib, sud majlisida haydovchi o'z qilmishidan pushaymonligini bildirib uzr so'ragan.

Source: www.gazeta.uz