Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Oʻzbekiston rahbariyati mamlakatda taʼlim va tibbiyot yoʻnalishlaridagi islohotlarni yanada kuchaytirish niyatida ekanini bildirdi. 12-oktabr kuni Yangi Toshkentda oʻtkazilgan muhokama chogʻida davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev sohada yigʻilib qolgan muammolar va yangi kadrlar tayinlovi haqida alohida toʻxtalib oʻtdi.

Prezidentning taʼkidlashicha, oxirgi vaqtlarda taʼlim muassasalari soni ortgani bilan, afsuski, berilayotgan bilim sifati talab darajasida boʻlmayotgani jiddiy xavotir uygʻotmoqda. Shu sababli, boshqaruv tizimini yaxshilash maqsadida toʻrtta hududda rahbarlik tajribasiga ega boʻlgan Erkinjon Turdimov eng ishongan kadr sifatida yangi tashkil etilgan Taʼlim va fan vazirligiga rahbar etib tayinlandi.

Maʼlumot oʻrnida eslatib oʻtish joizki, oktyabr oyining boshlarida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi birlashtirilib, yagona Taʼlim va fan vazirligi tashkil etilgan edi. Yangi vazirga Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari maqomi berilgani esa mazkur sohaga davlat darajasida qanchalik ustuvor ahamiyat qaratilayotganidan dalolat beradi.

Shuningdek, yangi tizim doirasida taʼlim, fan va sogʻliqni saqlash yoʻnalishlaridagi vazifalarning ijrosini muvofiqlashtirish ishlari yoʻlga qoʻyiladi. Ushbu muhim jarayonlarning samarali tashkil etilishi hamda qatʼiy nazorat qilinishi bevosita Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva zimmasiga yuklatilgani taʼkidlandi.

Source: kun.uz