Xitoy xalqaro savdoni rivojlantirish qo‘mitasi tashabbusi bilan joriy yilning 14–16-oktyabr kunlari Toshkent shahridagi «O‘zekspomarkaz» majmuasida «Xitoy — Markaziy Osiyo (O‘zbekiston) 2026» nomli yirik xalqaro savdo ko‘rgazmasi o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Mazkur tadbir ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi kutilmoqda. 2025-yilda o‘tkazilgan ilk muvaffaqiyatli tadbirdan so‘ng, mazkur ko‘rgazma O‘zbekistonda ketma-ket ikkinchi bor tashkil etilmoqda va mintaqadagi asosiy ishbilarmonlik maydonchalaridan biriga aylanishi aytilmoqda.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, 2026-yilda Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilganiga o‘n yil to‘lishi munosabati bilan joriy yil ikki tomonlama aloqalarda sifat jihatidan rivojlanish davri sifatida e’lon qilingan. Avgust oyida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida ikki mamlakat yetakchilari o‘zaro munosabatlarning «yangi oltin o‘n yilligini» boshlashga tayyor ekanliklarini ma’lum qilishgan edi. Hozirgi vaqtda tomonlar savdoni liberallashtirish, sanoatga investitsiyalar kiritish va yashil rivojlanish kabi yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni izchil kengaytirib borayotgani ta'kidlanmoqda.
Joriy yilgi ekspozitsiya avvalgi tajribalardan kelib chiqqan holda sezilarli darajada kengaytirilgan bo‘lib, unda sanoat avtomatgachiligi, robototexnika, yangi energiya manbalarida ishlaydigan avtomobillar hamda sun’iy intellekt kabi dolgʻor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratiladi. Ko‘rgazmaning yopiq maydoni 4 000 kvadrat metrni, ochiq maydoni esa 800 kvadrat metrni tashkil qiladi. Unda Xitoyning 19 ta provinsiyasi va hududlaridan qariyb 200 ta istiqbolli kompaniya o‘z mahsulot va texnologiyalarini namoyish etishi kutilmoqda.
Source: podrobno.uz